Qirg‘izistonda "Bayraktar TB2" dronlari sinovdan o'tkazilmoqda

Qirg‘izistonda “Qalqon – 2022” harbiy-taktik o‘quv mashg‘ulotlarida turklardan xarid qilingan "Bayraktar TB2" dronlari qo‘llanilmoqda.

1805619
Qirg‘izistonda "Bayraktar TB2" dronlari sinovdan o'tkazilmoqda

 

Qirg‘izistonda harbiy-taktik mashg‘ulotlar boshlandi.

Ushbu mashg‘ulotlar davomida turklardan xarid qilingan "Bayraktar TB2" hujumkor uchuvchisiz uchish qurilmalari qo‘llaniladi.

Bu haqda Qirg‘iziston davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

“31-mart kuni Issiqko‘l viloyatida “Qalqon – 2022” maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti, Quroll Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Sadir Japarov Mudofaa vazirligining Baliqchi shahridagi “Edelveys” o‘quv markazi bazasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonini kuzatmoqda”, -deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, o‘quv mashg‘ulotlarida respublika tarixida ilk bor Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatida bo‘lgan "Bayraktar TB2" jangovar dronlari qo‘llaniladi.

Mashqlardan asosiy maqsad esa, Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot organlarining davlat chegarasi uchastkasida qo‘zg‘olonni amalga oshirgan soxta dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha harakatlarining uyg‘unligini ishlab chiqishdan iborat. Mashg‘ulotlarda MXDQ, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklarining harbiylashgan bo‘linmalari ishtirok etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston o‘tgan yili Türkiyedan bir nechta "Bayraktar TB2" dronlarini sotib olgan va ular Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Türkiyening "Bayraktar TB2" dronlari 2019 yil iyun oyida Liviyada, 2020 yil mart oyida Suriyada, 2020 yil iyun oyida Tog‘li Qorabog‘ urushida qo‘llanilgandi, hozir esa Rossiya hujumi ostida qolgan Ukraina ham ushbu uchuvchisiz havo qurilmalaridan foydalanmoqda.


Tanlangan kalimalar: #Qirg'iziston , #Bayraktar TB2

Aloqador xabarlar