Anqarada O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag'ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Mazkur tadbir O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Anqara universiteti bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etildi.

1785347
Anqarada O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag'ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

 

Kecha, 24-fevral kuni O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi Anqara universiteti bilan o‘zaro hamkorlikda “O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarning 30 yilligi: oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga bu yil 4 mart kuni 30 yilligi nishonlanadigan O‘zbekiston-Turkiya diplomatik munosabatlarining tarixi haqidagi batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi besh yil davomida oliy ta’lim sohasidagi o‘zaro aloqalarda mutlaqo yangi davr yuzaga kelgani kuzatilgani holda ikki mamlakatning o‘nlab oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida memorandumlar imzolanib, hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.

Anqara universiteti rektori professor Nejdet Unuvar O‘zvar joriy yil yanvar oyida Turkiya Oliy ta’lim kengashi delegatsiyasi tarkibida O‘zbekistonga tashrifidan katta taassurotlar bilan qaytgani, yoshligidan beri orzusi bo‘lgan Ota yurtni ko‘rish sharafiga ega bo‘lganini bildirdi. Tashrif dasturidan Samarqand va Buxoro kabi qadimiy shaharlarga ziyorat o‘rin olgani delegatsiyaning barcha a’zolarini mamnun qilgani, o‘zbek mehmondo‘stligining eng yuksak namunasiga guvoh bo‘lganliklari ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari so‘nggi yillarda O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ta’lim tizimida, xususan, oliy ta’limda amalga oshirilgan islohotlar katta tarixiy ahamiyatga egaligiga alohida e’tibor qaratdi. Bu sohadagi yangilanishlar xalqaro maydonda ham yangi hamkorliklarga sabab bo‘lmoqda. Buxoro Davlat tibbiyot instituti huzurida Turkiyaning salomatlikka oid bilimlari universiteti fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Toshkentda esa Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filiali ochilgani bu sohadagi hamkorlik natijalari sirasiga kirishi qayd etildi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar