Turkiya va O'zbekiston o'rtasida 12ta investitsion kelishuv va eksport shartnomasi imzolandi

O'zbekistonning Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Turkiyaga amaliy tashrifi yakunlanib, hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha samarali natijalarga erishildi.

1783629
Turkiya va O'zbekiston o'rtasida 12ta investitsion kelishuv va eksport shartnomasi imzolandi

 

Tashrif doirasida umumiy qiymati 142,6 million AQSH dollar bo‘lgan jami 12 ta investitsion kelishuv hamda eksport shartnomalari imzolandi. Bular orasida Farg‘ona shahrida Tibbiyot shaharchasi qurish va tashkil etish bo‘yicha “Hitit Sosyal Tesisler Sağlık İnşaat Ticaret Limited Şirketi” bilan imzolangan 36 million dollarlik hamda Furqat tumanida paxtadan tayyor tikuvchilik mahsulotini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan siklni qamrab oluvchi kompleksni barpo etish bo‘yicha “BENEKS” kompaniyaci bilan imzolangan 35 million dollarlik investitsion kelishuvlar, “BTC Yapı A.Ş” kompaniyaci tomonidan Farg‘ona shahrida qurilish mahsulotlari hamda eshik-romlar ishlab chiqarish korxonalari barpo etish, ekoshaharda ko‘p qavatli uylar barpo etishni o‘z ichiga olgan 25 million dollarlik investitsiya shartnomasini alohida qayd etish mumkin. Eksport shartnomalari asosan yengil sanoat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ip-kalava va matolar eksportini o‘z ichiga olgan.

Shuningdek, qator Turkiya kompaniyalari vakillarining yaqin muddatda Farg‘onaga tashrifi doirasida 96,2 million dollarlik investitsion kelishuvlar imzolash bo‘yicha kelishib olindi.
Bursadagi “Baktat” kompaniyalar guruhi, Farg‘ona va So‘x tumanlarida malinachilik klasterini, Quva tumanida esa biokimyoviy o‘g‘itlar va meva sabzavotni qayta ishlash korxonasini tashkil etish bo‘yicha umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Studio Vertebra” kompaniyasi bilan hamkorlikda 9 ta turk kompaniyasi ishtirokida Farg‘ona viloyati shaharlari transport infratuzilmasini yaxshilash va zamonaviy avtobuslarni va elektrobuslarni xarid qilish, shaharsozlik, ko‘chalarni yoritish va kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, chiqindilarni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama etildi. Ushbu kompaniyalar vakillari yaqin kunlarda erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishni boshlash uchun Farg‘ona viloyatiga tashrif buyuradigan bo‘ldi.

Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Istanbulda “Terminal Yapı” kompaniyalar guruhi boshqaruv kengashi raisi Mexmet Delimollaoglu bilan uchrashib, Farg‘ona xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish masalasini muhokama qildi.

Boshqa sohalardagi yirik loyihalar bilan birga, hozirgacha dunyo bo‘yicha 40 ta aeroport qurilishi va modernizatsiyasida ishtirok etgan, Kiprdagi Erjan xalqaro aeroporti boshqaruvini amalga oshirayotgan Terminal Yapı kompaniyalar guruhi Farg‘ona xalqaro aeroportini boshqaruvga qabul qilib, ikki bosqichda investitsiya loyihasini amalga oshirish, bunda dastlab qo‘nish yo‘li qoplamasini va elektr tizimini yangilash, mavjud terminalni rekonstruksiya qilish va kengaytirish, ikkinchi bosqichda qo‘nish yo‘lagini kengaytirish, yangi terminal qurish, besh yil muddatda aeroportda yillik yo‘lovchilar oqimini 3 million nafarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, loyiha doirasida aeroportda 200 tonnalik sovitkichli meva-sabzavot saqlash ombori ham barpo etilishi, zamonaviy yuk terminali faoliyati tashkillashtirilishi ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Farg‘ona xalqaro aeroportida aviatsiya sohasi mutaxassislarini tayyorlash ta’lim markazi tashkil etish ham loyihadan o‘rin olgan. Loyihaga birinchi yilda 15 million dollar, keyingi uch yilda 45 million dollar, jami 60 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirish rejalashtirilgan.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar