Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanov hibsga olindi

Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanov mamlakatda joriy yilning yanvar oyi boshida yuzaga kelgan tartibsizliklar vaqtida harakatsizlikda gumonlanib hibsga olindi.

1782122
Qozog‘iston sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanov hibsga olindi

 

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi xodimlari mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanovni hibsga oldi.

U yanvar oyidagi tartibsizliklar paytida vaziyatga chora ko'rmaganlikda ayblanmoqda. Dushanba kuni ushbu nazorat muassasasining matbuot-xizmati shu haqda xabar tarqatdi.

"19 fevralda Bosh prokuratura tomonidan sobiq mudofaa vaziri Murod Bektanovga nisbatan Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 452 chi bandiga asosan, xizmati bo‘yicha harakatsizlik qilgani fakti bilan sudoldi tekshiruvi boshlangan. 20 fevralda Bektanov qo‘lga olingan va ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib vaqtinchalik izolyatorga joylashtirilgan", – deyiladi xabarda.

Qonun bo‘yicha, o‘z xizmat vazifasini bajarmagani natijasida og‘ir oqibatlarga olib kelishi bo‘yicha ayblangan mansabdor shaxs "hokimiyatning harakatsizligi” moddasi bilan to‘rt yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi. Xuddi shu jinoyat jangovar harakatlar chog‘ida sodir etilsa 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etiladi.

Murod Bektanov Qozog‘iston Mudofaa vazirligini 2021 yil avgustidan buyon boshqarib kelayotgan edi. Respublika prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 19 yanvar kuni uni lavozimidan ozod qilgandi.

Davlat rahbarining ushbu qarorga izoh berishicha, o‘ziga ishonchsizlik va tashabbus ko‘rsata olmaganligi tufayli Armiya rahbariyati yanvar voqealarida o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifani bajara olmagan, vazir esa yetakchilik sifatini namoyon eta olmagan.

Eslatma: Yanvar oyi boshida Qozog‘iston g‘arbidagi Janao‘zen shahrida boshlangan namoyishlar iqtisodiy va siyosiy talablar bilan butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. Namoyishchilar suyultirilgan gaz narxini pasaytirishni talab qildi. 

Tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilar ma’muriy binolar, politsiya bo‘limlari va do‘konlarga hujum qildi. Respublikaning bir qator shaharlarida talonchilar paydo bo‘ldi. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 220 dan ortiq kishi tartibsizliklar qurboni bo‘ldi, jumladan, huquq-tartibot va maxsus idoralar, harbiylarning 19 nafar xodimi halok bo‘ldi. 11 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti hukumatning yangi tarkibini tasdiqladi.


Tanlangan kalimalar: #Qozog'iston , #Murat Bektanov

Aloqador xabarlar