Turk investorlar O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiyaning “OYAK” kompaniyasi bosh direktori Sulaymon Savash Erdem rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

1773499
Turk investorlar O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda

 

Uchrashuv davomida mamlakatda yuqori texnologiyali sanoat ishlab chiqarish ob’ektlarni tashkil qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, turkiyalik investorning O‘zbekistondagi faoliyatini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. 

Ta’kidlash joizki, kompaniya vakillari O‘zbekistonga tashrifi davomida “O‘zkimyosanoat” AJ rahbariyati, Davlat aktivlarini boshqarish Agentligi hamda Toshkent shahar hokimligi bilan manzilli muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar turk sarmoyadorlarning istiqbolli tarmoqlarda investitsiyaviy faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun shart-sharoitlar mavjudligini o‘rganish va kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha o‘zaro takliflar bildirish imkonini berdi. 

Muloqot chog‘ida Turkiya tomoni aniq loyihalarni atroflicha muhokama qilish va ularni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari va shartlari ustida ish olib borish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdi. Xususan, kompaniya rahbariyati O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida ishlatiluvchi kimyoviy moddalar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini klaster usulida ishlab chiqarish, melamin va texnik uglerod ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish, shuningdek avtomobilsozlik sohasida loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum qilindi. 

O‘zbekistonning yirik kimyo korxonalaridagi davlat aksiyalarini xususiylashtirishda “OYAK” kompaniyasi ishtirokining istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. 

“OYAK” kompaniyasiga 1961 yilda asos solingan va tashkil etilganidan buyon u avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, shuningdek, qurilish, neft-gaz va moliya sohalarida loyihalarni amalga oshirishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. 
O‘zbek tomoni turk sarmoyadorlarini o‘z biznes tashabbuslarini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashga va mavjud masalalarni hal etishda har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Qisqa muddat ichida turk tomoniga aniq loyihaviy takliflar va ko‘rib chiqilayotgan tarmoqlarning investitsiyaviy va sanoat salohiyati to‘g‘risida zarur ma’lumotlar yuboriladi. 

Uchrashuv yakunida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va belgilangan tarmoqlarda aniq loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi. 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya , #OYAK

Aloqador xabarlar