O'zbekiston Prezidenti faxriylarni bayram bilan tabrikladi

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan barcha faxriylarni va butun oʻzbek xalqini tabrikladi.

1414795
O'zbekiston Prezidenti faxriylarni bayram bilan tabrikladi

 

 

Toshkent shahrida joylashgan Gʻalaba bogʻidagi amfiteatrda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Marosimda urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar jam boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan barcha faxriylarni, butun oʻzbek xalqini tabrikladi.

– Bugungi qutlugʻ ayyomda barchamiz, avvalo, oʻz jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib taʼzim qilamiz. Sizlar kabi minglab urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz”, - dedi davlat rahbari.

Bu yil karantin tufayli urush va mehnat faxriylarining aksariyati bayramni oʻz uylarida nishonladi. Ular televideniye orqali bugungi tantanali marosimni toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib bordi.

– Siz azizlarning barchangizni gʻoyibona bagʻrimga bosib, bugungi erkin va ozod hayotni taʼminlash yoʻlida koʻrsatgan mardligingiz, Vatanga sadoqatingiz uchun oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan rahmatlar aytib, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Biz sizlarning timsolingizda oʻzining dono maslahatlari, boy hayotiy tajribasi bilan hammamizga ustoz va duogoʻy boʻlib yurgan moʻtabar insonlarni koʻramiz. Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Hayot yoʻllarida duch kelayotgan turli qiyinchilik va muammolarni, hozirgi kunda boshimizga tushgan sinovlarni yengib oʻtishda biz sizlarning mislsiz sabot va matonatingizdan, qatʼiyatingizdan doimo kuch va ibrat olamiz. Yosh avlodimizni Vatanga, xalqqa sadoqatli, jasur insonlar etib tarbiyalashda biz sizlarni doimo oʻrnak deb bilamiz va kelgusida ham shunday boʻlib qoladi, – dedi Prezident.

 

 



Aloqador xabarlar