Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishida fojia ro'y berdi

O’zbekiston poytaxti Toshkentdagi metropolitenning Yunusobod yo‘lidagi yangi qurilayotgan qismida ro'y bergan yer o‘pirilish hodisasida 5 kishi halok bo’lgan.

1326126
Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishida fojia ro'y berdi

 

 

Kecha, 18 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat taxminan 10:00da O’zbekiston poytaxti Toshkentdagi metropolitenning Yunusobod yo‘lidagi yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilish hodisasi ro’y berdi. 

Ma’lum bo’lishicha, fojiada 5 kishi halok bo’lgan.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, tunnel qazilayotgan joyda suv to‘plangan, yog‘ingarchilik kuchayishi oqibatida yer bo‘shab, tunnelni bosib qolgan.

Hodisa oqibatida 250 metr kub tuproq o‘pirilib tushgan.

Yuzaga kelgan holatni bartaraf etish uchun barcha kuch va vositalar safarbar etilgan.

Tez vaqt ichida voqea joyiga Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalari, o‘ndan oshiq tibbiy tez yordam mashinalari, Toshkent shahar hokimligi, Bosh prokuratura xodimlari, ichki ishlar vazirligi vakillari, Milliy gvardiya xodimlari va boshqa maxsus xizmatlar yetib kelishgan. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, sodir bo‘lgan hodisaning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish maqsadida, Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablarini o‘rganish, oqibatlarini bartaraf etish hamda kelgusida shu kabi holatlar ro‘y berishining oldini olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil etilgan.

Mazkur komissiyaga bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchilik qilmoqda.

Hodisa sabablari va oqibatlarini o‘rganish va bartaraf qilish ishlari davom etmoqda.

Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotgani hisobga olinsa, qurbonlar soni yanada o‘sishi mumkin.



Aloqador xabarlar