O'zbekistondan xabarlar 20-qism

O`zbekiston Prezidenti Amerika Qo'shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondonini qabul qildi.

970435
O'zbekistondan xabarlar 20-qism

 

O`zbekiston Prezidenti Amerika Qo'shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondonini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 may kuni amaliy tashrif bilan mamlakatga kelgan Amerika Qo'shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondoni general Jozef Votelni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston bilan Amerika Qo'shma Shtatlari o`rtasidagi strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik ayniqsa siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda jadal rivojlanayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik sohalaridagi o`zaro aloqalarga alohida e`tibor qaratildi.

Mintaqada barqarorlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurash, shuningdek, Afg`onistondagi vaziyatni tinch yo`l bilan hal etishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

General Jozef Votel davlat rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Amerika Qo'shma Shtatlari joriy yil mart oyida Toshkent shahrida O`zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan o`tkazilgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferentsiya yakunlarini yuksak baholashi va qo`llab - quvvatlashi qayd etildi.

Ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik o`rnatish mintaqaviy savdo - iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, Afg`oniston va butun Markaziy Osiyo davlatlari manfaatlari yo`lida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi alohida ta`kidlandi.

Muloqot yakunida O`zbekiston Prezidentining Amerika Qo'shma Shtatlariga kutilayotgan rasmiy tashrifi O`zbekiston - Amerika hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tarishi, o`zaro manfaatli hamkorlikni aniq amaliy mazmun bilan boyitishiga qat`iy ishonch bildirildi.

            O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o`rinbosari, Prezident ishlari bo`yicha vazirini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan xaftada mamlakatga tashrif buyurgan Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o`rinbosari, Prezident ishlari bo`yicha vazir shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayonni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O`zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari o`rtasida turli darajadagi aloqalar faollashgani, barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama amaliy hamkorlikning asosiy yo`nalishlari, jumladan, Amirliklar investorlarini mamlakatimizdagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng jalb etish, ularning faoliyatini tizimli ravishda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bu borada neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xo`jaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va boshqa qator sohalarda o`zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

O`z navbatida, shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Birlashgan Arab Amirliklari raxbari shayx Xalifa bin Zoid Ol Nahayonning yuksak hurmati va ezgu tilaklarini etkazdi.

Uchrashuvda mehmon joriy yil mart oyida Toshkentda bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferentsiyada O`zbekiston ilgari surgan tashabbuslar hamda Islom hamkorlik tashkiloti doirasida bildirgan takliflarni Amirliklar hukumati to`liq qo`llab-quvvatlashini ta`kidladi.

Shuningdek, shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon Birlashgan Arab Amirliklari mamlakatlarimiz o`rtasidagi har tomonlama va o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, jumladan, aniq istiqbolli investitsion loyihalarni hayotga to`la tatbiq etishga tayyor ekanini qayd etdi.

            O`zbekiston va Qozog`iston ichki ishlar vazirliklari hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib oldi.

Samarqand shahrida O`zbekiston ichki ishlar vaziri, general - mayor Po'lat Bobojonov va Qozog`iston ichki ishlar vaziri, politsiya general-polkovnigi Kalmuhanbet Qosimov boshchiligidagi har ikkala mamlakat ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

Uchrashuvda O`zbekiston va Qozog`iston ichki ishlar vazirlari ikki mamlakat huquq - tartibot posbonlari yaqin hamkorligi, o`zaro tajriba almashish, birgalikda maxsus operatsiyalar o`tkazish, muntazam axborot almashish doimo diqqat markazida bo`lishi lozimligini, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash zarurligini ta`kidladilar.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida O`zbekiston va Qozog`iston ichki ishlar organlarining o`zaro hamkorligini mustahkamlash, birgalikda tezkor - qidiruv tadbirlari o`tkazish, terrorizm va ekstremizm ko`rinishlarining oldini olish borasida ikkala mamlakat Ichki ishlar vazirliklarining hamkorligi muloqotning asosiy mavzusi bo`ldi.

Uchrashuvda tomonlar "Qozog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining va O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi guruhini tuzish to`g`risida"gi qo`shma buyruqni imzoladilar.

Uchrashuvda shuningdek boshqa dolzarb masalalarni ham muhokama qilib, hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlarini belgilab oldilar.

            O`zbekiston va Qirg`iziston yangi chegara o`tkazish punktlarini ochish masalasini ko`rib chiqdi.

O`zbekiston va Qirg`iziston Hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining yig`ilishida davlatlararo chegaraning qolgan uchastkalarni tavsiflash bo`yicha ish davom ettirildi.

2018 yilning 2-8 may kunlari Qirg'izistonning Jalolobod shahrida O`zbekiston - Qirg`iziston Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo`yicha O`zbekiston va Qirg`iziston Hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Bu haqda O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralarda davlatlararo chegaraning qolgan uchastkalarni tavsiflash bo`yicha ish davom ettirildi.

Ikki mamlakat chegara hududlari aholisi uchun qulay shart - sharoitlar yaratish maqsadida tomonlar yangi chegara o`tkazish punktlarini ochish masalasini ham ko`rib chiqdilar.

Avvalroq O`zbekiston va Qirg`iziston chegara idoralari ikki davlat o`rtasidagi do`stona munosabatlar rivojlanishi sharoitida chegarada o`zini qanday tutish qoidalarining yangi tahririni tasdiqlagani xabar qilingan edi.

           

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbeksiton , #So'ngi , #Yangiliklar

Aloqador xabarlar