Turk olamidan xabarlar 26-qism

O’zbekiston Turkmaniston gazini Afg’oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazadigan TAPİ tabiiy gaz quvur tarmoq loyihasiga qo’shilish imkoniyatlarini ko’zdan kechirmoqda.

758976
Turk olamidan xabarlar 26-qism

 

Birinchi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Nobel mukofoti sovrindori turk olim Aziz Sanjar Ozarbayjon ta’lim vazirligining taklifiga binoan Bakuga tashrif buyurdi.

U Bakuda Ozarbayjon Davlat iqtisodiyot universiteti talabalari bilan uchrashdi.

Aziz Sanjar talabalar bilan uchrashuvi chog’ida, hayotda katta yutuqlarga erishish uchun o’z ustida ko’p ishlaganini aytar ekan, ularga bir qancha tavsiyalar berdi.

Prof.Dr Aziz Sanjar xorijda ekan, doimo qalbida Turkiya va turk dunyosi borligini tilga olib, “Xorij mamlakatlarga borib ularning tilini qanchalik qunt bilan o’rgansangiz ham ular sizga turk deydi. Agar, siz millatingiz bilan faxrlansangiz amerikaliklar ham, inglizlar ham sizga xurmat bilan qaraydi”,-dedi.

Talabalar bilan suhbatga Ozarbayjon Davlat iqtisodiyot universiteti rektori Adolat Murodov ham qatnashdi.

U o’zaro suhbat asnosida talabalarning savollariga javob berdi.

Aziz Sanjar Baku ziyorati chog’ida, Xalq ta’limi vazirligi va Ozarbayjon Davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan hamkorlikda o’tkazilgan “Universitetlarda ilmiy faoliyatlarning zamonaviy boshqaruv modeli” nomli konferensiyada ma’ruza qildi.

 

Navbatdagi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

Anadolu xabar agentligining xabariga ko’ra, O’zbekiston Turkmaniston gazining Janubiy Osiyo davlatlariga yetkazilishini nazarda tutgan TAPİ loyihasidan o’rin olish imkoniyatlarini tekshirish maqsadida reja ishlab chiqdi.

Xabarga ko’ra, xozirda O’zbekiston Turkmaniston gazini Afg’oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazadigan TAPİ tabiiy gaz quvur tarmoq loyihasiga qo’shilish imkoniyatlarini, shartlarini ko’zdan kechirmoqda.

O’zbekneftgaz milliy holdingi raisi Alisher Sultonov Toshkentda o’tkazilgan matbuot anjumanida O’zbekistonning TAPİ loyihasidan joy olish yoki bu loyihaning amalga oshirilishida operator sifatida o’rin olish imkoniyatlari ustida faoliyat olib borganini aytdi.

Sultonovning aytishicha, bu masala O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amalga oshirgan ziyorati paytida kun tartibga kelgan.

“Turkmaniston hukumati bizga Turkmaniston gazini Afg’oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazadigan TAPİ tabiiy gaz quvur tarmoq loyihasiga qo’shilishimizni taklif qildi. Prezidentimiz Mirziyoyev ham O’zbekneftgazdan bu masalani har tomonlama tekshirib chiqishini talab qildi”,-deydi O’zbekneftgaz milliy holdingi raisi Alisher Sultonov.

Mazkur loyiha doirasida 2015 yilning dekabr oyida boshlangan va Turkmaniston janubidagi Galkinish tabiiy gaz quvur tarmog’idan Afg’oniston chegarasigacha 214 km uzunlikdagi quvur tarmoqning qurilishini kelgusi yil yakunigacha tamomlash rejalashtirilgan.

Turkmaniston tabiiy gazining Afg’oniston orqali Pokiston va Hindistonga yetkazadigan ushbu loyiha xizmatga tushganda, yilda o’rtacha 33 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazilishi rejalanmoqda.

 

Navbatdagi xabarimiz Turkiyadan olingan.

Turkiyada taniqli Qirg’iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodiga bag’ishlangan kitob chop etildi.

Kitobda 12 nafar yozuvchining Chingiz Aytmatov haqidagi asarlari, taassurotlari, uning asarlari asosida yozilgan maqolalari o’rin olgan.

Mazkur kitob Erjan Ko’ksal qalamiga mansub Chingiz Aytmatov biografiyasi bilan boshlanadi.  Yag’mur Tunali “Chingiz Aytmatovni taniysizmi?” nomli maqolasida yozuvchining asarlarini nima uchun o’qishimiz kerakligi haqida yozadi.

Ulku Eliuz esa, Aytmatov asarlaridagi ayol timsolini badiiy talqin qilgan.

Siyami Yozgat Aytmatov asarlarida keng o’rin olgan otlar haqida bahs yuritadi.

Yozuvchi Turgay Yalaniz esa, o’z maqolasida “Oq kema” asari asosida ota timsolini tahlil qiladi.

Turk va jahon adabiyotining eng taniqli siymolaridan biri bo’lgan Aytmatov haqida batafsil ma’lumot bergan bu kitob adibni yaqindan tanimoqchi bo’lgan kitobxonlar uchun muhim manba bo’lib hisoblanadi.

 

 Dasturimizni Tataristondan olingan xabar bilan yakunlamoqchimiz.

Rossiyaga qarashli Tatariston Respublikasining poytaxti Qozon shahrida Turkiyada tahsil olib ketgan sobiq talabalar uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Turkiyadagi oliygohlarda turli yillarda tahsil olgan tatar va chuvashlardan iborat bo’lgan 30 dan ortiq bitiruvchilar an’anaviy uchrashuv kechasini uyushtirdilar.

Turkiyaning Qozon konsulligi binosida o’tkazilgan tadbirga Turkiyaning Tataristondagi konsuli Turxan Dilmach va Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar idorasi rahbari Mehmet Kilich ishtirok etdi.

Tadbirda so’zga chiqqan Mehmet Kilich Rossiya miqyosida Turkiyadagi oliygohlarda tahsil olgan jami 3 mingdan ortiq talaba mavjudligini, kelgusida bitiruvchilar bilan hamkorlikda ishlash istagini tilga oldi.

Uning aytishicha, xozirda 300 nafar Rossiya fuqarosi Turkiyada stipendiya bilan tahsil olmoqda. O’z imkoniyatlari bilan tahsil olayotgan talabalar hisobga olinganda esa, bu raqam taxminan 1500 atrofida ekanini aytish mumkin.

Har yili rossiyalik 100 ta talabaga stipendiya berilganini aytgan Mehmet Kilich, bu stipendiyalarning taxminan 30 nafari tataristonlik talabalarga ajratilganini tilga oldi.

Tadbirda bitiruvchilarga turk taomlari tortiq qilindi.

 



Aloqador xabarlar