O’zbekiston va Rossiya hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha hukumatlararo kelishuv imzolamoqchi

Bu masala O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aprel oyida Moskvaga uyushtiradigan safari vaqtida muhokama qilinadi.

676223
O’zbekiston va Rossiya hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha hukumatlararo kelishuv imzolamoqchi

O’zbekiston va Rossiya ikki mamlakat alohida hududlari hamkorligini rivojlantirish bo'yicha hukumatlararo kelishuv imzolamoqchi.

Ma’lumotga ko’ra, hozirda tomonlar bu masala yuzasidan faol ish olib bormoqda, hujjatlar tayyorlanmoqda.

Bu masala O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aprel oyida Moskvaga uyushtiradigan safari vaqtida muhokama qilinadi.

Hududlararo hamkorlikning kengaytirilishi muhim va istiqbolli yo'nalish hisoblanadi.

O'zbekiston tomonining ishonch bildirishicha, hukumatlararo kelishuv ikki mamlakat o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan bo'ladi hamda ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmiga ta’sir ko'rsatadi.

Qayd etish joizki, shu kungacha mahsulot ayirboshlash hajmini yanada oshirish maqsadida O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini "yashil yo'lak" orqali rossiyalik iste’molchilarga yetkazishni tashkil etishga doir kelishuvlar imzolangan. 

O'zbekiston meva-sabzavotlarini Sibir va Uzoq Sharq hududlariga to'g'ridan-to'g'ri yetkazib berish tajribasi o’z samarasini berdi.

O'tgan yilda ushbu hududlarga qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshdi.

2017 yilda Rossiya bozoriga 1 million tonnadan ortiq meva-sabzavotlar, shuningdek, ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan keng turdagi mahsulotlar yetkazib berish mo'ljallangan. 

Bugungi kunda Rossiya O'zbekistonning asosiy iqtisodiy sheriklaridan biri hisoblanadi.

2016 yil yakunlariga ko'ra, o'zaro savdo hajmi 4,2 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil etgan.

O'tgan yilning yanvar-noyabr oylari hisobotiga ko'ra, O'zbekistonning Rossiyaga eksporti 23,7 foizga oshib, 675 million dollarni tashkil qildi.

Shu bilan birga Rossiyaning O'zbekistonga eksport hajmi 13 foizga pasaydi.

 

 



Aloqador xabarlar