Anqarada “O‘zbekiston-Islom sivilizatsiyasi markazi” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi

Anqara shahridagi Milliy kutubxonada namoyish etilgan ko'rgazma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Turk tarixi va madaniyati jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

1841141
Anqarada “O‘zbekiston-Islom sivilizatsiyasi markazi” nomli fotoko‘rgazma tashkil etildi

 

Joriy yilning 6-7 iyun kunlari O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Turk tarixi va madaniyati jamg‘armasi bilan hamkorlikda Anqara shahridagi Milliy kutubxonada “O‘zbekiston-Islom sivilizatsiyasi markazi” fotoko‘rgazmasi namoyishini uyushtirdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i, siyosiy fanlar doktori Umid Mahmudov, Turk tarixi va madaniyati jamg‘armasi (TURKTAV) rahbari Nizamettin Aykurt, Yevrosiyo kutubxonalari assotsiatsiyasi raisi Mustafa Chalishkan, shuningdek, turk taʼlim muassasalari, ishbilarmon va ekspert doiralari hamda mahalliy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi.

Fotoko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimida so‘zga chiqqan Yevrosiyo kutubxonalari assotsiatsiyasi rahbari Mustafa Chalishkan O‘zbekistonning Islom sivilizatsiyasidagi alohida o‘rni hamda respublikada diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning eʼtirofi sifatida ushbu fotoko‘rgazma tashkil etilganini alohida taʼkidladi. Shuningdek, u mazkur madaniy tadbir umumiy meros va xalqlarimiz tomonidan tarixda erishilgan muvaffaqiyatlar bilan Turkiya jamoatchiligini yaqindan tanishtirish imkonini berganini ham qayd etdi.

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vakillari O‘zbekistonda davlatimiz rahbari rahnamorligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, Islom dini taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalar hayoti va faoliyatini o‘rganish, ular qoldirgan bebaho merosning mazmun-mohiyati va ahamiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi atroflicha maʼlumotlarni tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola etdi.

Ikki kun davomida namoyish etilgan fotoko‘rgazma Markaziy Osiyo hududining bir necha ming yillik shonli tarixi, uning rivojlanishi va jahon tamadduni markazlaridan biriga aylanishida Islom dining o‘rni, shuningdek, Yangi O‘zbekistonda diniy‐maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘z ichiga qamrab oldi.

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida Anqara shahrida  fotoko‘rgazma muvaffaqiyatli  tashkil etildi, dedi  Turk tarixi va madaniyati jamg‘armasi (TURKTAV) rahbari Nizamettin Aykurt. - Ushbu suratlar ko‘rgazmasi tadbir O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda tashkil etiladigan tadbirlarning boshlang‘ich nuqtasi deb aytishimiz mumkin.

Ushbu madaniy tadbir vositasida Turkiya xalqi qardosh va ota yurti bo‘lmish O‘zbekiston to‘g‘risida yana-da ko‘proq maʼlumotga ega bo‘lishini maqsad qilgan edik.  Biz bunga erishdik, deb o‘ylaman.



Aloqador xabarlar