Eronda "Temuriylar davri siyosiy-ijtimoiy tarixi" nomli kitob nashr etildi

Eronning taniqli tarixchi olimlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan o‘tkazilgan Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy videokonferensiyada onlayn tarzda ishtirok etdi.

1812274
Eronda "Temuriylar davri siyosiy-ijtimoiy tarixi" nomli kitob nashr etildi

 

Eronning taniqli tarixchi olimlari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti tomonidan o‘tkazilgan Amir Temur tavalludining 686 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy videokonferensiyada onlayn tarzda ishtirok etdi.

Anjumanda, shuningdek, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘istonning yetakchi temuriyshunos olimlari ham o‘z maʼruzalari bilan qatnashdi.

Tehron Ozod universiteti professori, tarix fanlari doktori Akbar Rafeʼiy ushbu videokonferensiyada "Eron jamg‘armalarida Temuriylar davriga oid manbalar" mavzusida maʼruza qildi.

Uning taʼkidlashicha, Hasan Jaʼfariyning fors tilida bitilgan asarlarida Eron hududida Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida Yazd viloyati rivojlangan va gullab-yashnagan.

"Hech bir davrni bu shaharning Shohruh Mirzo hukmronligi davridagi taraqqiyoti bilan solishtirib bo‘lmaydi, - dedi Akbar Rafeʼiy. - Manbada keltirilishicha, Temuriylar davrida ushbu mintaqada o‘n mingga yaqin uy-joy, hammom, karvonsaroy, madrasa, masjid va bog‘lar barpo etilgan va qayta tiklangan".

Fors tarixchisining aytishicha, Tojiddin Husayn ibn Shahob Yazdiy tomonidan bitilgan "Hasaniy yilnomalari" nomli kitob Temuriylar davrida yozib qoldirilgan tarixiy manbalardan biri hisoblanadi. Ushbu asarning birinchi sahifasi Sulton Muhammad Mirzo Temurni madh etuvchi qasida bilan boshlanadi. Keyingi qismdagi yana bir bob Sohibqiron Amir Temur vafotidan keyingi davrga bag‘ishlangan. Kitobda "Mironshoh Mirzo va uning farzandlari" nomli qissa ham o‘rin olgan. Asarning so‘nggi boblari esa Temuriylar saroyiga xizmat qilgan vazir va amirlar haqidadir.

Shuningdek, eronlik maʼruzachi taniqli fors tarixchisi Zahriddin Marʼashiyning "Torixe Tabariston, Royon va Mozandaron" kitobida Temuriylarning Mozandarondagi hukumdorligi haqida keltirilgan maʼlumotlarni ham o‘rtoqlashdi.

"Ushbu asarda Zahriddin Marʼashiy nega Sohibqiron Amir Temur Movarounnahrdan chiqib, Xuroson va Mozandaronga yurish qilgani sabablarini ochib bergan. Tarixiy voqealarni o‘zida mujassam etgan ushbu qo‘lyozma qimmatbaho va muhim manbalardan biri hisoblanadi", - dedi fors tarixchisi.

Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, professor Akbar Rafeʼiy tomonidan joriy yil boshida Amir Temur tavalludining 686 yilligi munosabati bilan Eronda "Temuriylar davri siyosiy-ijtimoiy tarixi" nomli kitob nashr etildi.

Ushbu asarda Amir Temur va temuriylar hukmronligi yillari Turondan tashqari qator o‘lkalarda, jumladan, Eronda xam katta ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilganligi haqida so‘z boradi. A.Rafeʼiy temuriylar tomonidan amalga oshirilgan yirik islohotlarni o‘zining ushbu kitobida batafsil yoritishga harakat qilgan.

Akbar Rafeʼiyning taʼkidlashicha, Temuriylar davri Islom olamida hamda Eron tarixida sanʼat va madaniyat yuksalgan, gullab-yashnagan davrlardan biri bo‘lgan.


Tanlangan kalimalar: #Amir Temur , #Eron , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar