Turkiyada Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan g‘azalxonlik kechasi o'tkazildi

Tadbirda so‘zga chiqqanlar o‘zidan boy ilmiy va adabiy meros qoldirgan atoqli o‘zbek shoiri – ulug' mutafakkir Alisher Navoiy haqli ravishda jahon adabiyotining eng buyuk darg‘alari orasida alohida o‘rin tutishini qayd etdi.

1776741
Turkiyada Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan g‘azalxonlik kechasi o'tkazildi

 

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatdagi o‘zbekistonlik yosh olim, tadqiqotchi va talabalar ishtirokida “G‘azalxonlik kechasi” tashkil etildi.

Filologiya fanlari doktori Saidbek Boltaboyev, tarix fanlari doktorlari Zebuniso Husayn Kamolova va Abdumalik To‘ychiboyev, Turkiyaning turli shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlarida doktorantura va magistratura bosqichida tadqiqotlarini davom ettirayotgan 30 nafarga yaqin o‘zbek yoshlari ishtirok etgan ushbu mushoira davomida Alisher Navoiy qalamiga mansub g‘azal, ruboiy, qit’a va boshqa janrlardagi she’rlardan namunalar o‘qilgani barobarida ularning atroflicha sharhi ham kecha ishtirokchilarining e’tiboriga havola qilindi.

Kechaning mazmunli o‘tishiga Ahmet Akalin, Pakize Yildirim kabi Alisher Navoiy merosi yuzasidan izlanishlar olib borgan turk tadqiqotchilar ham o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdi. Ular Turkiyada Navoiy merosiga bo‘lgan ehtirom, mutafakkir ijodiga oid tadqiqotlar haqidagi diqqatga sazovor yangiliklarni o‘rtoqlashdi.

Hazrat Navoiyning “Ey, Zohid”, “Kelmadi”, “Bo‘ldum sanga”, “Izlangiz” kabi g‘azallar o‘qilgan kechada ulug‘ mutafakkir bobokalonimiz tarannum etgan yuksak odamiylik fazilatlari, komil inson g‘oyasi, jamiyat dardi bilan yashash, daxldorlik hissi kabi olijanob tuyg‘ular va falsafiy mushohadalar xususida ham o‘zaro fikrlar almashildi.

Kechada g‘azalxonlik va g‘azalni sharhlash borasidagi faolligi va zukkoligi uchun Karabyuk universiteti magistranti Zamiraxon Holmatjonovaga O‘zbekiston Respublikasining Turkiyadagi elchisi sovg‘asi – Alisher Navoiy bobomizga oid nodir qo‘lyozma asarning faksimile nusxasi taqdim etildi.


Tanlangan kalimalar: #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar