O'zbekistonda "Mirzo Ulug‘bek vorislari" respublika tanlovi o'tkaziladi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

1766053
O'zbekistonda "Mirzo Ulug‘bek vorislari" respublika tanlovi o'tkaziladi

 

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining "Isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Hujjatda mamlakatda iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da jadallashtirish, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning bilim, ko‘nikma va malakasini oshirish, innovatsiya g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga qaratilgan ishlarni tizimli tashkil etish vazifalari belgilangan.

Jumladan, isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasining oliy organi - Konferensiyasi tomonidan Jamg‘armaning yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi.

Iqtidorli yoshlarni izlab topish, isteʼdodini ro‘yobga chiqarish va ularni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish, o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari, Prezident granti va stipendiyalar, "O‘zbekiston uchun 100 g‘oya" loyihasi sovrindorlarining ilmiy-texnik ishlanmalari, g‘oya va tashabbuslarining amaliyotga joriy etilishini qo‘llab-quvvatlash, "Mirzo Ulug‘bek vorislari" respublika tanlovini tashkil etish va boshqalar “Ulug‘bek” jamg‘armasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, "Mirzo Ulug‘bek vorislari" respublika tanlovi 2022 yildan boshlab har yili o‘tkaziladi.

Tanlovning  birinch bosqichi fevral–mart oylarida tuman- shaharlarda o‘tkazilib, unda eng yuqori natijaga erishgan har bir tuman- shahardan 5 nafardan nomzod keyingi bosqichga o‘tadi.

Ikkinchi bosqichi aprel oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Ularning har biridan eng yuqori natijaga erishgan 20 nafar yosh navbatdagi bosqichga yo‘llanma oladi. Uchinchi bosqich may oyida bo‘lib o‘tadi hamda 100 nafar yosh tanlov g‘olibi deb topiladi.

Tanlovning 1-, 2- va 3-bosqichlar g‘oliblari tegishli BHMning 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi.

Respublika bosqichi g‘oliblari Jamg‘arma tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul tahsil oladi.

O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar hududlar bo‘yicha ishlab chiqarish tashkilotlari va tadbirkorlik subyektlariga ixtiyoriylik asosida biriktiriladi hamda "Yoshlar akademiyasi" va "Kelajak liderlari klubi"ga jalb etiladi.

 Mazkur qaror bilan, shuningdek, "Mirzo Ulug‘bek vorislari" respublika tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

Bundan tashqari, qaror bilan "Isteʼdodli yoshlar axborotnomasi" ilmiy-amaliy elektron jurnali hamda "Mirzo Ulug‘bek vorislari" elektron portali tashkil etiladi. Ushbu  elektron portalda isteʼdodli yoshlarning elektron bazasi shakllantiriladi, o‘quv kurslari bitiruvchilarining reytingi joriy etilib, innovatsion g‘oyalari va ilmiy-texnik ishlanmalari baholab boriladi.



Aloqador xabarlar