Janubiy Koreyada Alisher Navoiy haykali yaratilmoqda

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Janubiy Koreyada yodgorlik va haykallar yasash bo‘yicha yetakchi sanalgan “Malong Company” kompaniyasi vakillari bilan buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy haykalini yaratish borasida amaliy ishlarni davom ettirmoqda.

1619615
Janubiy Koreyada Alisher Navoiy haykali yaratilmoqda

 

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi Koreya-O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Janubiy Koreyada yodgorlik va haykallar yasash bo‘yicha yetakchi sanalgan “Malong Company” kompaniyasi vakillari bilan buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy haykalini yaratish borasida amaliy ishlarni davom ettirmoqda.

Elchixona xodimlari Xvason shahrida joylashgan ushbu kompaniyaga qarashli ustaxonada bo‘lib, haykalning yaratilish jarayoni bilan tanishdi. “Malong Company” vakillariga haykalning meʼmoriy bezaklari va dizayni, tagkursidagi yozuvlar matni yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ayni paytda haykalning maketi tayyor qilingan bo‘lib, endilikda uni bronzadan yasash ishlari boshlanadi. Tagkursi uchun oq marmar tanlangan.

“Dunyo xalqlari adabiyotining buyuk namoyandasi Alisher Navoiy siymosini yaratish sharafiga muyassar bo‘layotganimdan juda ham xursandman. Chunki, Navoiydek ulug‘ zot haykalini yaratishni har bir haykaltarosh orzu qiladi”,-deydi Janubiy Koreyadagi yetakchi haykaltaroshlardan biri Park Kyong Dal. 

“Albatta, Navoiy siymosini uning nomi va jahon adabiyoti tarixida tutgan mavqeiga mos ravishda shakllantirish oson ish emas. Har bitta haykalni yasashda yaratilayotgan shaxsni o‘rganish muhim. Navoiy haqida ko‘p eshitganman. Uning siymosini yaratish uchun buyuk shoir shaxsiyatini chuqur o‘rganib, keyin ish boshladim. Men bor mahoratimni ishga solib, bu tarixiy shaxs haykalini yaratishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim”,-deydi u.

Park Kyong Dalning maʼlum qilishicha, Alisher Navoiy haykali may oyining boshlarida tayyor bo‘ladi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar