Yaponiyaning 126-imperatori Naruxito bugun taxtga o’tirdi

59 yoshda bo’lgan Yaponiyaning yangi imperatori Naruxito tantanali marosimda qasamyod qildi.

1292340
Yaponiyaning 126-imperatori Naruxito bugun taxtga o’tirdi

 

 

Yaponiyaning 126-imperatori Naruxito bugun taxtga o’tirdi.

Shu munosabat bilan poytaxt Tokiodagi Imperatorlik saroyida tantanali marosim o’tkazildi.

Imperatorning taxtga o‘tirish marosimiga 190 davlat va hududning 400 vakili, jumladan 70 dan ko‘proq monarx va davlatlar yetakchilari taklif qilingan.

Mehmonlar orasida, Belgiya, Butan, Ispaniya, Kamboja, Malayziya, Niderlandiya qirollari, Britaniya valiahd shahzodasi Charlz, Avstriya, Hindiston, Vengriya, Filippin, Finlyandiya prezidentlari o’rin olgan.

O‘zbekistondan marosimda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Rossiyadan Federatsiya kengashi raisi o‘rinbosari Ilyos Umaxonov, Xitoydan rais o‘rinbosari Van Tsishan, AQShdan transport vaziri Eleyn Chao ishtirok etdi.

Marosimga Turkiyadan madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Erso’y qatnashdi.

59 yoshda bo’lgan yangi imperator Naruxito tantanali marosimda qasamyod qildi.

“Davlat konstitutsiyasiga to’la amal qilishga, davlatning va yapon xalqining birdamlik ramzi sifatida mas’uliyatlarimni to’liq ado etishga va’da beraman”,-deb qasamyod qildi Yaponiyaning yangi imperatori.

Yaponiya hukumati Naruxitoning taxtga o’tishi munosabati bilan mamlakat miqyosida 550 ming mahkumni avf etish to’g’risida farmon berdi.

Ushbu amnistiya qarori transport yo’l harakati qoidalarini buzganlar va saylovda qonunbuzarlikka yo’l qo’ygan mahkumlarni o’z ichiga oladi.


Tanlangan kalimalar: #taxt , #imperator , #Naruxito , #Yaponiya

Aloqador xabarlar