Kun tahlili-04

SETA tashkilotining xavfsizlik tadqiqotlari bo’yicha mas’ul vakili Murat Yeshiltashning mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.

2093780
Kun tahlili-04

 

Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy 24-yanvar kuni vazirlar va yuqori martabali siyosatchilardan iborat katta delegatsiya bilan Turkiyaga tashrif buyurdi. Anqara-Tehron munosabatlari an'anaviy raqobat va ikkitomonlama manfaatli hamkorlik doirasida bo'lib, mintaqaviy masalalar boshqa kechiktirilishi mumkin bo'lmagan bir davrda amalga oshirilgan bu tashrif ikki davlatning muammolar va imkoniyatlarning mushtarak sohalarida muloqotga ochiq ekanligini ko'rsatadi. Oliy martabali mehmonning tashrifi aslida 2023 yilning birinchi oylariga rejalangandi, lekin ba’zi vaziyatlarga ko’ra, kamida uch marta qoldirildi. Oxirgi marta Kirmondagi terakt sababli keyinga qoldirilgandi. Biroq, bu hujumdan ko'p o'tmay Raisiyning Anqaraga kelishi Eron tomonining tashrifga qanchalik ahamiyat berganligini ko'rsatadi.

Albatta, biz bilamizki, tomonlar ko‘p masalalarda bir-biridan farq qilsa-da, ko‘p masalalarda esa, umumiy manfaatlarga ega. Bunday tashriflar umumiy munosabat va yondashuvlarni imkon qadar oshirish va qarama-qarshiliklarni boshqarish maqsadiga qaratilgan.

Tashrif oldidan Eron matbuotida Turkiyaga qaratilgan tanqidlarni tahlil qilish maqsadida davlat matbuotida ijobiy maqolalar paydo bo‘lgani, Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyonning Turkiya gazetasida juda konstruktiv va ijobiy maqolasi chop etilgani Eron tomonining tashrifdan kutilgan maqsadlar bo’yicha qadamlarini aks ettiradi.

Turkiya-Eron Oliy darajali hamkorlik kengashining sakkizinchi yig'ilishi o'tkazilgan ushbu tashrif davomida iqtisodiyot nuqtai nazaridan muhim mavzular muhokama qilinganligini aytish mumkin. Ayniqsa, tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida energetika, chegara hududlaridagi savdo, bojxona qonunchiligi va o‘zaro sarmoya kabi masalalar muhokama qilingani kuzatiladi. Turkiya tomonidan esa G’aznachilik va moliya vaziri Mehmet Shimshek, energetika va tabiiy manbalar vaziri Alparslan Bayraktar va Markaziy bank rahbari Hafize Gaye Erkanning ishtirok etishi muzokaralarning iqtisod nuqtai nazaridan ahamiyatini ko’rsatmoqda.

Qolaversa, mintaqaviy muammolar jumladan, Janubiy Kavkaz, Falastin, Suriya, Iroq, Yaman va Sharqiy O‘rta yer dengizini qamrab oladigan tarzda hal qilinganga o‘xshaydi. Qolaversa, muzokaralarda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan, Ichki ishlar vaziri Ali Yerlikaya, Milliy Mudofaa vaziri Yashar Guler va Turkiya milliy razvedkasi direktori Ibrohim Kalinning ishtirok etishi ham mintaqaviy siyosat va xavfsizlik bilan bog'liq masalalar muhokama qilinganidan darak beradi.​

Bu masalalar ichida har ikki davlatni qiziqtirayotgan eng muhim mavzu umumiy tahdid bo‘lgan terrorizm masalasi ekani ko‘rinadi. Prezident Rajap Tayyip Erdog’an, PKK/PYD/YPG va PJAKga qarshi Eron bilan hamkorlikni kuchaytirishning ahamiyatiga to’xtalganini aytdi.

Eron prezidenti, shuningdek, terrorizm mintaqadan tashqaridagi kuchlar tomonidan oziqlantirilib, o’z manfaati yo’lida qo’llanilmoqda dedi. Bu jarayonda, tashqi kuchlarning ta'sirini cheklash uchun mintaqa davlatlarining birgalikda harakat qilishining ahamiyati yanada ortadi.

Tashrifning aniq yakuni sifatida ikki davlat oʻrtasida turli sohalarda 10 ta shartnoma imzolandi. Savdo, transport, aloqa, madaniyat, sanoat, texnologiya, xavfsizlik va energetika kabi ko'plab sohalarni qamrab olgan ushbu shartnomalar tomonlarning tegishli yuqori darajadagi rasmiylari tomonidan imzolandi. 30 milliard dollarlik savdo hajmiga erishish yana bir bor ta'kidlandi.

Qo'shni davlat Prezidenti Raisiy, "Turkiya bilan ko'p yillardan beri yaxshi aloqalarimiz bor va bundan buyon bu aloqalarni yanada yuqori darajalarga olib chiqishni xohlaymiz" deb hamkorlikka ochiq ekanini bildirdi.

Aynan shu shaklda Prezident Erdo’g’an ham “Qo’shni davlat Eron bilan o’zaro ishonch va mushtarak manfaatlar asosida munosabatlarimizni chuqurlashtirishga ahamiyat beramiz” deya yaxshi qo’shnichilik munosabatlariga urg’u berdi. Ko’rinishidan, tashrif nihoyatda ijobiy ruhda o‘tdi. Mintaqa juda og'ir ahvolda bo'lgan bu davrda barqarorlik, tinchlik va xavfsizlikka urg'u berish ikki davlatning tarixiy mas'uliyati tufayli o’ta zarur desak mubolag’a bo’lmaydi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Eron

Aloqador xabarlar