Yevropaning Falastinni tan olish harakati "to'g'ri tashlangan qadam" deb baholandi

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy Ramallahda Belgiya Tashqi ishlar vaziri Hadja Lahbib bilan uchrashdi.

2121844
Yevropaning Falastinni tan olish harakati "to'g'ri tashlangan qadam" deb baholandi

 

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy Yevropaning Falastin davlatini tan olish harakatini "to'g'ri tashlangan qadam" deb baholadi.

Falastin Tashqi ishlar vazirligi tomonidan berilgan yozma bayonotga ko'ra, Malikiy Ramallahda Belgiya Tashqi ishlar vaziri Hadja Lahbib bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Isroilning 7 oktyabrdan beri G’azo sektorida begunoh tinch aholiga qarshi olib borayotgan qatliomi va insonparvarlik sharoitlari muhokama qilindi.

Malikiy suhbat chog'ida Belgiyani G’azo sektorida dala kasalxonalari tashkil etish masalasini ko’rib chiqishga chaqirdi.

“Barqaror o’t ochishni to’xtatish, falastinlik tinch aholi uchun xalqaro himoyani ta’minlash va insonparvarlik yordamlarini xavfsiz yetkazib berish eng muhim ustuvorlik”,- deydi Malikiy.

G'arbiy Sohildagi gumanitar vaziyatga to'xtalgan Malikiy, Isroilning G'arbiy Sohildagi qonunbuzarliklari, yahudiy ko'chmanchilarning Falastin fuqarolariga qarshi sodir etayotgan hujumi, aholi punktlarini kengaytirish maqsadida fuqarolarning yerlari tortib olinayotgani, qurolli ko‘chmanchilar jinoyati avj olganiga e’tibor qaratdi.

"Yevropaning ko'plab davlatlarida ikki davlat yechimini kafolatlaydigan va himoya qiladigan hamda mojaroga siyosiy yechim uchun imkoniyat yaratadigan tarzda Falastin davlatini tan olish yo'lidagi ichki harakatni qo'llab-quvvatlaymiz. Bu Falastinni tan olish bo'yicha shoshilinch qaror qabul qilish uchun to'g'ri yo'nalish" dedi Falastin Tashqi ishlar vaziri.

Malikiy shuningdek, Isroil hukumatini G'azoga qarshi urushini to'xtatish, tinch aholini nishonga olishni to'xtatish, majburan ko'chirish siyosatini to'xtatish va G'azoga insonparvarlik yordamini imkon qadar tezroq yetkazib berishga majburlash uchun haqiqiy bosim o'tkazish kerakligini ta'kidladi.


Tanlangan kalimalar: #Falastin

Aloqador xabarlar