HRW Isroil G‘azo va Livanda oq fosfordan foydalanganini ma'lum qildi

“Human Rights Watch tashkiloti tasdiqlangan video tasvirlar va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, Isroil qo‘shinlari 2023 yil 10 va 11 oktabrda Livan va G‘azodagi harbiy amaliyotlarda oq fosfor ishlatganini aniqladi”, deyiladi hisobotda.

2050404
HRW Isroil G‘azo va Livanda oq fosfordan foydalanganini ma'lum qildi

 

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti Human Rights Watch (HRW) Isroil Livan va G‘azo sektoriga qarshi harbiy amaliyotlar chog‘ida oq fosfor ishlatganini ma’lum qildi.

Bu haqda tashkilot saytida chop etilgan hisobotda qayd etilgan.

“Human Rights Watch tashkiloti tasdiqlangan video tasvirlar va guvohlarning so‘zlariga asoslanib, Isroil qo‘shinlari 2023 yil 10 va 11 oktabrda Livan va G‘azodagi harbiy amaliyotlarda oq fosfor ishlatganini aniqladi”, deyiladi hisobotda.

HRW G‘azoning aholi zich joylashgan hududlarida oq fosfordan foydalanish tinch aholi uchun xavfni oshirishini va xalqaro gumanitar qonunlarga zid ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, oq fosfor samolyot bombalarini, aviatsiya kassetali o‘q-dorilarini, artilleriya snaryadlarini, minalarni, jihozlash uchun ishlatiladi. Yondiruvchi qurollar oddiy qurollar qatoriga kiradi, ammo BMTning 1980 yildagi g‘ayriinsoniy qurollar to‘g‘risidagi konvensiyasining uchinchi protokoli ularni tinch aholiga va fuqarolik ob’ektlariga qarshi, shuningdek, tinch aholi punktlaridagi harbiy nishonlarga hujumlar paytida qo‘llashni taqiqlaydi. Inson huquqlari tashkilotlari fosforli bombalarni kimyoviy qurollar qatoriga kiritishga chaqirmoqda.

Eslatma: Avvalroq, Human Rights Watch Isroil va HAMASni urush jinoyatlarida ayblagandi. HRW HAMASning tinch aholiga qasddan hujum qilishi, bombardimon qilishi va garovga olish holatlarini, Isroilning esa G‘azo sektorida elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishi va falastinliklarga nisbatan g‘ayriinsoniy jazo choralarini qo‘llashini urush jinoyati deb atagandi.

Eslatish joizki, joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlaganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

So‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 1537 kishi, jumladan 500 bola va 276 ayol halok bo‘lgan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar esa 1,3 ming kishiga yetgan.


Tanlangan kalimalar: #Falastin , #Isroil , #Human Rights Watch

Aloqador xabarlar