Xalqaro donorlar konferensiyasida Turkiya va Suriya uchun 7 mlrd yevro to'plandi

“Bugun men xalqaro hamjamiyat Turkiya va Suriyadagi qayta qurish sa’y-harakatlarini kuchli qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rishdan juda mamnunman”, dedi Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Leyen.

1962750
Xalqaro donorlar konferensiyasida Turkiya va Suriya uchun 7 mlrd yevro to'plandi

 

Bryusselda bo‘lib o‘tgan xalqaro donorlar konferensiyasi ishtirokchilari fevral oyida Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 7 milliard yevro mablag’ to’pladi.

Bu miqdor kutilganidan oshib ketdi, dedi Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Leyen. U 20 mart, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan tadbir yakunida natijani “muhtasham” deb baholadi.

“Bugun men xalqaro hamjamiyat Turkiya va Suriyadagi qayta qurish sa’y-harakatlarini kuchli qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rishdan juda mamnunman”, dedi u 2023 yilning birinchi yarmida Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida. 

Avvalroq, fon der Leyen zilziladan jabrlangan Turkiyani qayta tiklashga yordam berish uchun faqatgina Yevropa Komissiyasi 1 milliard yevro ajratishini aytgandi. Yana 108 million yevro qo‘shni davlat Suriyaga insonparvarlik yordami uchun ketadi.

Germaniya har ikki davlatdagi zilzila qurbonlarini qo‘llab-quvvatlashni ikki baravar oshirib, 240 million yevroga yetkazadi, dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok.

Yevrokomissiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzilalar Turkiya va Suriyada 50 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ldi va bu mintaqadagi so‘nggi yillarda sodir bo’lgan eng yirik tabiiy ofatga aylandi.

“Sovuq davom etar ekan, millionlab odamlar uysiz qolib, chodirlarda yashamoqda”, dedi fon der Leyen Bryusseldagi konferensiyada.

“Biz tiklanish uchun safarbar bo‘lishimiz kerak. Uylar, maktablar va kasalxonalar eng yuqori seysmik standartlarga mos bo‘lishi kerak. Suv, kanalizatsiya va boshqa muhim infratuzilmani ta’mirlash kerak. Davlat xizmatlari va korxonalar qayta ochilishi uchun kapitalga muhtoj”,-deydi u.

Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an konferensiya ishtirokchilariga videokonferensiya orqali murojaat qilar ekan, zilziladan ko‘rilgan zararni 104 milliard AQSh dollari (taxminan 97 milliard yevro) deb hisoblab, birinchi yilda mamlakatda 319 ming uy qayta qurilishini aytdi.

“Hech bir davlat bunday kattalikdagi inqirozni o‘zi yengib o‘ta olmaydı. Biz barcha do‘stlarimiz ushbu og‘ir kunlarda ko‘rsatgan birdamlikni hech qachon unutmaymiz”,– dedi Turkiya rahbari.

Reuters xabariga ko‘ra, Bryusseldagi konferensiyada 400 ga yaqin xalqaro ishtirokchilar – davlatlar, mintaqaviy tashkilotlar va nohukumat guruhlar vakillari ishtirok etgan. Suriya va Rossiya rasmiylari taklif qilinmagan.

 



Aloqador xabarlar