Boris Jonson Konservativ partiya deputatlarining ishonch ovozini oldi

Ovoz berish jarayonida 211 deputat Jonsonni yoqlab, 148 deputat ishonchsizlik votumi uchun ovoz berdi. Shu tariqa u konservatorlar yetakchisi va mamlakat Bosh vaziri lavozimini saqlab qoldi.

1838834
Boris Jonson Konservativ partiya deputatlarining ishonch ovozini oldi

 

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson mamlakatdagi hukmron Konservativ partiya deputatlarining ishonch ovozini oldi.

Ovoz berish jarayonida 211 deputat Jonsonni yoqlab, 148 deputat ishonchsizlik votumi uchun ovoz berdi. Shu tariqa u konservatorlar yetakchisi va mamlakat Bosh vaziri lavozimini saqlab qoldi.

Ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun hukmron Konservativ partiyaning 359 deputatidan kamida 180 nafarining ovozi zarur edi.

Avvalroq Konservativ partiya deputatlarining kamida 15 foizi, ya’ni 54 kishi Jonsonga ishonchsizlik maktubini Konservativ partiyaning Jamoalar palatasidagi parlament guruhi raisi Grem Breydiga yuborgandi. Bunday hollarda qo‘mita partiya yetakchisiga bo‘lgan ishonch masalalari bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazishi shart. Xatlarning sababi Bosh vazirning Dauning-stritdagi ziyofatlarda ishtirok etishi edi.

Jonson Buyuk Britaniyada COVID-19 ga qarshi kurash avjida bo‘lgan bir paytda ziyofatda qatnashgani ma’lum bo‘lgach, bosim ostida qolgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Britaniya rahbarlari bunday tadbirlarda ishtirok etib, mamlakatda o‘zlari joriy qilgan cheklov choralarini buzgan.

Bosh vazir marosimlardan birida qatnashgani uchun jarima to‘ladi va uzr so‘radi, biroq muxolifat talab qilganidek, iste’foga chiqishni yoki ishdan bo‘shashni rad etdi.

Jonsoning fikricha, Ukrainadagi mojaro paytida uning lavozimini tark etishi mas’uliyatsizlikdir.


Tanlangan kalimalar: #Buyuk Britaniya , #Boris Jonson

Aloqador xabarlar