BMT Bosh kotibi Guterrish qirg‘in sodir bo‘lgan Bucha shahriga keldi

“Xalqaro jinoiy sud vaziyat bilan shug‘ullanayotganidan va uning prokurori idorasi vakillari allaqachon shu yerda ekanidan xursandman. Men Xalqaro jinoiy sudni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman",-degan Guterrish Buchaga tashrifi chog‘ida.

1820289
BMT Bosh kotibi Guterrish qirg‘in sodir bo‘lgan Bucha shahriga keldi

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish kecha, 28 aprel kuni Ukrainaga tashrifi chog‘ida Kiyev yaqinidagi Borodyanka qishlog‘i, Irpen va Bucha shaharlarida bo‘ldi.

Guterrish Borodyankaning urushdan vayron bo'lgan mahallalarini ko'zdan kechirar ekan, "Men oilamni o'sha vayrona va qoraygan uylardan birida tasavvur qildim. Nevaralarim vahima ichida yugurayotganini ko'z oldimga keltirdim. Oiladan biri vafot etdi. 21-asrdagi urush - bu bema'nilik, urush shafqatsizlik",-deb munosabat bildirdi.

U qirg'inga uchragan Bucha shahriga tashrifi chog'ida, Xalqaro Jinoiy Sud prokurorlarining bu yerda bo'lganidan mamnun ekanligini va sodir bo'lgan voqealar tekshirilayotganini bildirdi.

“Xalqaro jinoiy sud vaziyat bilan shug‘ullanayotganidan va uning prokurori idorasi vakillari allaqachon shu yerda ekanidan xursandman. Men Xalqaro jinoiy sudni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman va Rossiya Federatsiyasini u bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lishga chaqiraman”, degan Guterrish Buchaga tashrifi chog‘ida. 

BMT Bosh kotibi Irpen shahriga ham tashrif buyurdi.

"Mojarolar paytida tinch aholi ko‘proq jabr ko‘radi. Bu binolarda begunoh fuqarolar yashagan. Ular hech qachon sababchi bo'lmagan urush uchun eng yuqori badalni to'lagan. Urush bo'lgan joyda eng ko'p tinch aholi zarar ko'radi. Buni dunyoning istalgan nuqtasida hamma eslashi kerak",-degan Guterrish.

Eslatish joizki, 1 aprel kuni poytaxt Kiyev yaqinidagi Bucha shahrini rus qo’shinlaridan ozod qilgan Ukraina armiyasi binolari vayron bo’lgan, ko’chalari jasadlarga to’la shaharga duch keldi. Kiyev yaqinidagi ozod qilingan aholi punktlarida 410 nafar tinch aholi vakilining jasadi topilgan.

 


Tanlangan kalimalar: #Bucha , #Antoniu Guterrish , #BMT

Aloqador xabarlar