AQSh Afg‘onistondagi harbiylarini 11 sentyabrgacha olib chiqib ketadi

AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda matbuotga bergan brifingda AQSh Afg‘onistondagi harbiylarini shu yilning 11 sentyabriga qadar olib chiqib ketishi haqida rasman e'lon qildi.

1621738
AQSh Afg‘onistondagi harbiylarini 11 sentyabrgacha olib chiqib ketadi

 

AQSh bundan buyon Afg’oniston bo’yicha strategiyasini o’zgartirishini ma’lum qilgan Jo Bayden: “Amerika tarixidagi eng uzoq davom etgan urushga chek qo‘yish va harbiylarimizni uylariga qaytarish vaqti yetib keldi”,-dedi.

“AQSh joriy yilning 1 mayidan boshlab Afg‘onistondan harbiylarni batamom olib chiqishni boshlaydi, biroq olib chiqishga shoshilmaymiz. Buni shoshilmasdan ehtiyotkorlik bilan xavfsiz ravishda amalga oshirishimiz zarur ”, -deb ma'lum qilgan Bayden. 

Uning ta'kidlashicha, ushbu jarayon bosqichma-bosqich va hozirda Afg‘onistondagi ittifoqdosh kuchlar bilan muvofiqlikda amalga oshiriladi.  

Afg’onistonda taxminan 20 yildan buyon AQSh bilan hamkorlik qilgan ittifoqdosh davlatlarga minnatdorlik bildirgan Bayden: “Urushning 20 yilligi arafasida AQSh harbiylari ittifoqdosh kuchlar bilan birga Afg’onistondan chiqib ketgan bo’ladi”,-dedi.

Bayden tomonidan belgilangan ushbu kun 2001 yil 11 sentyabrida Nyu-Yorkdagi savdo markazi va Pentagonga sodir etilgan hujumning 20 yilligiga to‘g‘ri keladi. Aynan shu teraktlardan keyin AQSh va NATO davlatlari Afg‘onistonga bostirib kirgandi va “Tolibon”ni hokimiyatdan chetlatishga erishgandi.

Afg‘onistonda 20 yildan keyin ham urush davom etmoqda, “Tolibon” harakatining pozitsiyasi 20 yil oldingi kabi bo‘lmasa-da, mamlakatda katta ta'sirini saqlab qolmoqda.

Hozirda Afg‘onistonda 2,5 mingga yaqin amerikalik harbiy mavjud, NATO davlatlari harbiy kontingentining jami soni esa 9 ming 600 nafarni tashkil etadi.

Bayden AQSh Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashiga va mamlakatdagi ixtilofni siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishiga va'da berdi. U Rossiya, Pokiston va boshqa bir qator davlatlardan Afg‘onistonga faol ko‘mak ko‘rsatishni talab qildi.

“Biz ushbu mintaqadagi boshqa davlatlardan Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq sa'y-harakatlar amalga oshirishlarini so‘raymiz. Bu ayniqsa, Pokiston, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Hindiston va Turkiyaga tegishli”, -deb aytgan AQSh prezidenti.   


Tanlangan kalimalar: #Jo Bayden , #Afg'oniston , #AQSh

Aloqador xabarlar