Rossiyaning Kemerovo viloyati gubernatori Aman Tuleyev o'z vazifasidan iste'fo etdi

Shu yilning 25 mart kuni Rossiyaning Kemerovo viloyatidagi “Zimnyaya vishnya” savdo markazida yuz bergan yong'in oqibatida 64 kishi halok bo'ldi. Bulardan 41 nafari yosh bolalar edi.

942130
Rossiyaning Kemerovo viloyati gubernatori Aman Tuleyev o'z vazifasidan iste'fo etdi

Rossiyaning Kemerovo viloyati gubernatori Aman Tuleyev o'z xohishiga ko'ra muddatdan avval lavozimidan iste’fo etdi.

Aman Tuleyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga iste'foga ketish arizasi bilan murojaat qilgan.

Vladimir Putin ham Aman Tuleyevning iste’fosini qabul qilgan.

“Kemerovo viloyati gubernatori Aman Tuleyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga o'z xohishiga ko'ra iste`foga ketish arizasi bilan murojaat qildi”,- deb ma`lum qilgan viloyat ma'muriyati matbuot xizmati.    

73 yoshli Tuleyev Kemerovo viloyatini 1997 yildan beri boshqarib keladi, 4 marta viloyat rahbari etib qayta saylangan. Uning navbatdagi gubernatorlik muddati 2020 yilda yakunlanishi kerak edi.

Tuleyev vazifasidan iste’fo etganligini videomurojaat bilan ma’lum qildi.

U videomurojaatida qo'lidan kelgan ishni qilganini aytgan va “Zimnyaya vishnya” savdo markazidagi fojia munosabati bilan rus xalqiga chuqur hamdardlik bildirgan.

"Qadrdon yurtdoshlar. Barchamiz Kemerovoda 25 mart kuni yuz bergan dahshatli fojiadan qayg'udamiz. Biz yong'inda 64 kishidan judo bo’ldik va ulardan ko'pchiligi bolalar. Bizning farzandlarimiz. Har birimiz shu hodisalarni o'z yuragimizdan o'tkazdik, bu dahshat, bu fojia og'rig'ini. Biz bilan birga butun Rossiya, butun dunyo qayg'urmoqda. Men qo'limdan kelgan barcha ishni qildim. Qurbonlar oilalari bilan uchrashdim, yordam berish masalalarini hal qilishga harakat qildim. Yana bir bor chuqur hamdardligimni bildiraman. Biroq shunga qaramay yashashda davom etish kerak. Yo'qotganlarimizning xotirasini yodda tutish uchun yashash kerak”,-deb aytgan Tuleyev.

U videomurojaatida bunchalik og’ir yuk ostida vazifasini davom ettira olmasligini va eng to’g’ri yo’l o’z vazifasidan iste’fo etish ekanligini ma’lum qilgan.

Eslatish joizki, shu yilning 25 mart kuni Rossiyaning Kemerovo viloyatidagi “Zimnyaya vishnya”da yuz bergan yong'in oqibatida 64 kishi halok bo'ldi. Bulardan 41 nafari yosh bolalar edi.

Kemerovo aholisi o’sha kundan buyon shahar hokimiyati binosi oldida namoyish o’tkazmoqda.

Shanba kuni Kemerovo shahar sudi mahalliy qurilish nazorati boshqarmasi rahbari Tanzila Komkovaning qo’lga olinishi to’g’risida qaror qabul qilgandi.

Politsiya Tanzila Komkovani xavfsizlik talablariga javob bermaganligiga qaramay, savdo markazining ochilishiga ruxsat berganlikda ayblamoqda.

Bugungacha ushbu voqea tufayli 7 kishi qo’lga olindi.

 



Aloqador xabarlar