Misrda bugun prezidentlik saylovlari o’tkazilmoqda

Saylovlarda mamlakatning amaldagi prezidenti, 63 yoshli Abdul Fattoh as-Sisiy va uning yagona raqibi 65 yoshli tadbirkor va “Al-Gad” partiyasi rahbari Muso Mustafo Muso o'rtasida katta kurash ketmoqda.

937845
Misrda bugun prezidentlik saylovlari o’tkazilmoqda

Misrda bugun 26 mart dushanba kuni prezidentlik saylovlari o’tkazilmoqda.

3 kun davom etadigan saylovlar mahalliy vaqt bilan soat 09:00da boshlandi.

Saylovlarda mamlakatning amaldagi prezidenti, 63 yoshli Abdul Fattoh as-Sisiy yaqqol yetakchi hisoblanadi. Misrning sobiq mudofaa vaziri bo'lgan as-Sisiy ushbu lavozimga 2014 yilda saylangan.  

Uning saylovlardagi yagona raqibi 65 yoshli tadbirkor va “Al-Gad” partiyasi rahbari Muso Mustafo Muso hisoblanadi.

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, mamlakatda jami 59 mln 78 ming 138 saylovchi mavjud.

Saylovlarni 18 ming 687 ekspert kuzatib bormoqda. Bundan tashqari, 54 nafar mahalliy va 9 nafar xorijlik tashkilot bilan bir qatorda, 680 nafar xorijlik jurnalist saylovlarni kuzatib bormoqda.

Saylovchilar 27 viloyatda ovoz bermoqda.  Saylovlarning 1-bosqichi 26-27-28 mart kunlari bo'lib o'tadi. 

Hukumat mamlakatdagi barcha saylovchilarni saylovda ovoz berishga chaqirmoqda. Biroq, Musulmon qardoshlar tashkiloti (Ihvan) va mamlakatdagi muxolif partiyalar saylovni boykot qilmoqda.

Muxoliflar “Al-Gad” partiyasidan nomzod Muso Mustafo Musoga nisbatan “hukumat tomonidan tanlangan soxta nomzod” sifatida fikr bildirmoqda.

Saylovda amaldagi prezident Abdul Fattoh as-Sisiyning birinchi bosqichdayoq katta farq bilan g’alaba qozonishi taxmin qilinmoqda.

Xorijda yashagan saylovchilar 16-17-18 mart kunlari saylovda ovoz berdi, lekin saylovchilar ishtiroki kutilgandan ham oz bo’ldi.

Saylov natijalari 2 aprel kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatma: Misrda avvalgi prezidentlik saylovlari 2014 yilda bo'lib o'tgan.

Unda amaldagi prezident Abdul Fattoh as-Sisiy 97% ovoz olib, g'alabani qo'lga kiritgan edi.

 

 



Aloqador xabarlar