Bangladesh Myanma hukumatiga nota berdi

Bangladesh hukumati Myanmaning Dakkadagi maslahatchisi Aung Myintni tashqi ishlar vazirligiga chaqirib ogohlantirdi.

802763
Bangladesh Myanma hukumatiga nota berdi

Myanma qurolli kuchlari Bangladeshga qochgan Arakan musulmonlarining takror Myanmaga qaytishini oldini olish maqsadida ikki davlat o’rtasidagi chegara hududlariga mina joylashtirgan.

Bu haqda Bangladesh tashqi ishlar vazirligida faoliyat ko’rsatgan oliy martabali vakil Shahidul Haque ma’lum qilgan.

Ma’lumotga ko’ra, Bangladesh Myanma hukumatini bu masala yuzasidan ogohlantirgan.

Guvohlarning aytishicha, bu hafta kamida 3 kishi minaga bosib majruh bo’lgan.

Bundan tashqari, Myanmadan Bangladeshga qochishga uringan rohingya musulmonlariga o’q uzilgan.

Myanma-Bangladesh chegarasidan o’tib ketayotgan musulmonlarga qurolli kuchlarning o’q uzishi oqibatida ba’zi insonlarning halok bo’lganiga doir tasvirlar ijtimoiy media tarmoqlarida keng tarqalgan.

Bangladesh hukumati Myanmaning Dakkadagi maslahatchisi Aung Myintni tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, nota berdi.

Mahalliy matbuotda yoritilgan xabarlarga ko’ra, Bangladesh hukumati Myanmaga bergan notada Arakanda avj olgan voqealardan xavotirda ekani va buning oqibatida tinch aholining nobud bo’layotganidan chuqur iztirobda ekani qayd etilgan.

Bundan tashqari, Myanma qurolli kuchlarining Bangladesh chegarasiga mina joylashtirganiga doir ma’lumotlardan xavotirda ekani ma’lum qilingan.

Bangladesh Myanma hukumatini rohingya musulmonlarini o’z vataniga qaytarish uchun zarur choralarni ko’rishga chaqirgan.

“Oxirgi qochqinlar oqimi uningsiz ham o’tmishdagi voqealar va harbiy operatsiyalar natijasida mamlakatdan qochib kelgan 400 ming Myanma fuqarosiga mezbonlik qilayotgan Bangladesh uchun og’ir yuk bo’ladi”,-deyiladi Myanmaga berilgan notada.

Qolaversa, Bangladesh hukumati qochqinlar oqimini to’xtatish uchun darhol zarur choralarni ko’rish va musulmonlarning Bangladeshga qochish sabablari haqida aniq ma’lumot berishini Myanma hukumatidan talab qildi.

Bangladesh tashqi ishlar vazirligi oxirgi ikki hafta ichida Myanmaning Bangladeshdagi maslahatchisi Aung Myintni 4 marta vazirlikka chaqirib, ogohlantirdi.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar