Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 15

Dasturimizning bugungi sonida Devon adabiyotining oxirgi va buyuk siymolaridan biri sifatida qabul qilingan Shayx Gʻolib haqida soʻz qilamiz.

2128965
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 15

Mumtoz turk adabiyoti yoki umuman turk devon adabiyoti turk madaniyati bilan bezalgan badiiy adabiyot turidir. Oddiy qilib aytganda shoirlar she’rlari jamlangan kitoblar “devon” deb ataladi. Bu ummonga o‘xshagan buyuk adabiyot janri saljuqiylar davridan boshlanib, ko‘proq zamonaviy davr deb ataluvchi 1800 - yillar va undan keyingi davrlarga qadar davom etadi. Ko‘pchilik shoirni yetishtirgan bu adabiyot mualliflari aslida o‘zlari yashagan davrning xabarchilari sifatida alohida o‘ringa egadir.

Shayx G‘olib xuddi shu devon adabiyotining so‘nggi va buyuk shoirlaridan biridir. U, 1757 - yili Istanbulda tug‘ilgan. Asl ismi Mehmed Asad boʻlgan Shayx Gʻolibning otasi Rashit afandi tasavvuf taʼlimi olar ekan bobosi Mehmed afandi esa mavlaviylar tariqatining ziyolilaridan biri edi. Shoir boshlang‘ich ta’limni otasidan oladi. Uning otasi ham she’r yozar edi va G‘olibning shoir bo‘lib tarbiyalanishida muhim rol o‘ynagan. Keyinchalik Hamdi ismli olimdan arab tilini oʻrganib, shaxsiga Asad taxallusini bergan Sulaymon Neshatdan saboq oladi. “Asad” taxallusining boshqalari tomonidan ham ishlatayotganini ko‘rib, taxallusini “G‘olib” deb o‘zgartiradi. “Devon”ini yigirma to‘rt yoshida qalamga olgan. Yigirma olti yoshida esa turk adabiyotidagi masnaviy janrining eng muvaffaqiyatli namunalaridan biri hisoblangan “Husnu ashk” deb nomlangan noyob asarini yozdi. Oilasi ham mavlaviy boʻlgan va shu tariqa Mavlaviy muhitida ulg‘aygan Shayx Gʻolib, oʻsha tariqatning shayxlaridan saboq olib, oxir - oqibat mavlaviy darveshiga aylanadi. Shoir, 1784 - yili chillaga kirish uchun Qoniyaga yo‘l oladi. Biroq otasi chillasini Istanbulda tamomlay olishi uchun murojaat qiladi va kerakli shartlarga javob bergach G‘olib Istanbulga qaytadi. Istanbulda, 1784 – yilning 10 – iyuli kuni chillaga kirgan G‘olib uni 1787 – yilning 11 – iyuli kuni tamomlab “bobo” bo‘lishga muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘ng 30 yoshida, “G‘olib bobo” unvoni oladi. Tariqat ichidagi faoliyatlari bilan mavlaviylar orasida, she’rlari bilan esa adabiyot muhitida e’tiborlarni o‘ziga jalb eta boshlagan G‘olib, saroy tomonidan ham tanilgan va yoqtirilgan shaxsiyatga aylanadi. “G‘olib bobo”ning tez – tez saroyga taklif qilinishi yoki sultonning o‘zi mavlaviyxonaga borib she’rlarini tinglashi, uni mukofatlantirishi saroy tomonidan hurmat – e’tibor qozonishiga ham hissa qo‘shgan. Qolaversa haftada ikki kun mavlaviyxonada masnaviy darslari bergan G‘olib, bir muddatdan soʻng Sulton Salim tomonidan “Masnaviy xon” tayinlash vakolatiga ega boʻladi. Bu orqali mavlaviy shayxlardan ham yuqori mavqega koʻtariladi. Shoirning 1799 – yili, nisbatan yosh yani hanuz qirq ikki yoshida vafot etishi yaqinlarini qattiq larzaga soladi. Ham yutuqlari ham da shaxsiyati bilan o‘z davrida va undan keyin ham o‘z nomidan so‘z qildirishga muvaffaq bo‘lgan.

Shayx G‘olib she’rlari uslub jihatidan “Sabqi Hindiy” deb nomlangan adabiy oqim ta’sirida yozilgan. Uning yana bir jihati shundaki, u avvalgi davr va o‘zi yashagan davr shoirlaridan farqli o‘laroq, o‘ziga xos she’riyat uslubini yaratgan. Uning jami to‘rtta asari bor. Ular: “Devon”, “Husnu ashk”, “Sharhi Jazirai masnaviy” va “As sohbetus safiyya” asarlaridir. Nomi tilga olingan asarlarning eng muhimi “Husnu ashk”dir. Asar xayoliy tarzda Husn ya’ni Go‘zallik ismli bir qiz bilan Ashk ismli bir yigitning sevgisini tasvirlagan, tasavvufiy mavzusi va asosiga ega masnaviydir. Bu asarning ahamiyatini Ziyo posho “O‘sha betakror shoir kelgandir/ Go‘yo bu kitob uchun jahonga” misralari bilan eng chiroyli til bilan tushuntirib bergan. Asar 1783 - yili qalamga olingan bo‘lib, 2041 bayt va to‘rt tardiyadan ​​iboratdir. Tasavvuf, hayoliy va ramziy asar sifatida kitobxonlar mehrini qozongan.

G‘olibning she’riyatdagi muvaffaqiyati va qudrati ko‘plab shoirni lol qoldirgan. Shu bois ham u tirikligidayoq Asror Bobo va Nayyor Bobo kabi ba’zi siymolar uning ta’sirida she’rlar qalamga olgan. Uning ta’siri vafotidan keyin ham davom etdi. Hatto Kechejizoda Izzat Mo‘lla, “Husnu ashk” asaridan ilhomlanib “Gulshani ashk” nomli masnaviysini qalamga olgan. Solnomachi Pertev, Ayintapli Ayniy, Ziver Posho, Bosnalik Fehim, Sheref Xonim, Shayhulislom Orif Hikmat, Enderunlik Rasih, Yenishehirli Avniy, Bayburtlik Zihniy kabi shoirlar uni yoqtirib, ba’zilari unga naziralar yozganlar. Zamonaviy turk she’riyatida Ahmad Hoshim, Behchet Nejatigil, Asaf Halet Chalabiy, Sezai Karako‘ch va Hilmi Yovuz kabi ustozlar Shayh G‘olib she’rlaridan bahramand bo‘lganlar.

Shu darajaga yetdiki, an’anadan foydalanish muammosi kun tartibiga olib chiqilgan har bir muhitda Shayx G‘olibga sharafli o‘rin berilgan. Zamonaviy turk adabiyotiga “Husnu ashk”dek manba bo‘lgan boshqa masnaviy yo‘qdir. Ahmad Hamdi Tanpinar “Huzur” asarida,  O‘rhan Pamuk esa “Qora kitob” romanida Shayx G‘olib va uning “Husnu ashk” asariga ishora qilgan. Fozil Husnu Dag‘larja, Shayx G‘olib uchun “Chichekler” yani “Gullar” degan sarlavha bilan “Husnu ashk” vaznida she’rlar aytgan.

18 - asrning eng muhim shoirlaridan biri, soʻnggi devon adabiyotining qudratli shoiri Shayx Gʻolib sheʼriyatining yangiligi va rang - barangligi tufayli hech qachon kun tartibidan chetda qolmagan. Shuningdek, zamondoshlaridan boshlab bugungi kunga qadar koʻplab shoirga chuqur taʼsir oʻtkazgan va taʼsir qilishni bugun ham davom ettirmoqda.

 

 

 



Aloqador xabarlar