Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 2

Dasturimizning bugungi sonida Qoraxoniy davrida qalamga olingan «Qutadgu bilig» yoki «Baxtga eltuvchi, qut beruvchi bilim» va uning muallifi «Yusuf Xos Hojib» haqida so‘z qilamiz.

2086956
Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr - 2

Turk dunyosining qadim zamonlardan qolgan merosi O‘rxon - Yenisey yodgorliklaridan keyingi turk adabiyotining nodir namunasi, bolasog‘unlik Yusuf Xos Hojib tomonidan XI. asrda qalamga olingan «Qutadg‘u bilig» asaridir. Mazkur asar, bugungi kunga qadar yetib kelgan Qoraxoniylar davridagi turk tilining yagona hajmli adabiy asari boʻlishi jihatidan alohida o‘ringa ega.

«Qutadg‘u bilig» umum turk tili davrida 1069 - 1070 yillar oralig‘ida qalamga olingan. Asar she’riy baytlar bilan masnaviy vaznida yozilar ekan uni siyosat yoki nasihat kitobi deb ta’riflash ham mumkin. Roppa – rosa 6645 bayt yoki 13 mingdan ortiq misra bilan muallif o‘z davrining davlat boshqaruvi tushunchasiga e’tibor qaratgan. “Qutadg‘u bilig” zamonaviy turk tiliga tarjima qilinganida «Baxtga eltuvchi, qut beruvchi bilim» degan ma’noni bildirsa - da, tom ma’noda u siyosiy kitobdir. Asar islom ruhida yozilgan bo‘lib, insonlarga har ikki dunyoda ham to‘liq qutlug‘ bo‘lish uchun kerak bo‘lgan yo‘lni ko‘rsatishni ko‘zlagan. Asarda to‘rtta asosiy qahramon bordir va voqealar o‘zaro savol - javob tarzida davom etadi. Boshqacha qilib aytganda «Qutadg‘u bilig» markaziga 4 masala qo‘yilib, ular 4 obraz vositasida ochib berilgan. Ulardan birinchisi – adolat bo‘lib, u Podshoh Kuntug‘di timsolida, ikkinchisi – davlat bo‘lib, vazir Oyto‘ldi, uchinchisi – aql bo‘lib, vazirning o‘g‘li O‘gdulmish, to‘rtinchisi – qano’at bo‘lib, uning qarindoshi O‘gdurmush qiyofasida tasvirlanadi. Shunga muvofiq ravishda qo‘yilgan masalalar voqealar rivoji, qahramonlarning suhbati, bahs – munozarasi, savol – javoblari, pand – nasihatlari vositasida hal qilinadi. Muallif bahsli masalalar yuzasidan ham ahloq – odob, ilm, insoniylik va adolat doirasdia fikr yuritadi hamda Podshoh va amaldorlardan tortib dehqonu hunarmandgacha – jamiyatdagi barcha toifalarning huquq va burchlari haqida o‘z mulohazalarini bildiradi. Asarda asosan umum turk tilidagi so‘zlarning tanlab olinishi uning muhim jihatlaridan biridir.

«Qutadg‘u bilig» asari o‘sha davr sharoitiga ko‘ra, umum turk tilini arab va fors tillari bilan madaniyatiga qarshi ulug‘lash va asrab – avaylash jihatidan ham muhim yutuqdir. Uning muallifi bolasog‘unlik Yusuf haqidagi yagona manba bu uning o‘z asariga keyinroq ilova etilgan ma’lumotlardir. Ushbu maʼlumotlarga koʻra, Yusuf XI. asrda Bolasagʻun shahrida tugʻilgan. U zodagonlar oilasidan chiqqan. Uning asarlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u arab va fors tillarini juda yaxshi o‘rgangan. «Qutadg‘u bilig»ni Bolasog‘unda boshlab, Qashqarda tamomlagan. Uni o‘sha davrdagi qoraxoniylar hukmdori Tavg‘ach Bug‘roxon huzurida o‘qigan. Xoqon bu asarni juda yo‘qtirib, Yusufga «Xos Hojib» nomini beradi. Asari ustidan 18 oy ish olib borgani va 50 yoshida ekani haqida gapiradi. Shu bois ham mashhur turk tilshunosi Reshit Rahmeti Arat, 1015-1016 yillarda tug‘ilganini ta’kidlagan. Uning o‘limi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Faqatgina asarning oxirgi qismida keksaygani haqida yozgan.

«Qutadgʻu bilig»ning bugungi kunga yetib kelgan uchta nusxasi bor. Ulardan biri Hirotda uyg‘ur yozuvi bilan Hasan Qara Sayl Shams tomonidan ko‘chirilgan. Bu asarning arab yozuvi bilan ko‘chirilgan ikkinchi qo‘lyozma nusxasi 1896 – yillar atrofida Qohira kutubxonasidan topilgan. Arab yozuvi bilan ko‘chirilgan uchinchi nusxasi esa 1913 – yili Namanganda, Muhammad Xoji eshon Lolaresh ismli kishining shaxsiy kutubxonasidan topilgan.

Bu noyob asarni tadqiq qilish jarayoni ilm – fan olamida Turkolog Vamberi tomonidan boshlab berildi. Ammo uning to‘liq matnini Radloff chop etdi. Biroq, batafsil tadqiqot ishlari Reshit Rahmeti Aratga tegishli desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadqiqotlar tarixiga nazar tashlagudek bo‘lsak «Qutadg‘u bilig» asari, XIX – XX asrlarda butun dunyodagi Turkologiya sohasining eng yirik va mazmunli kashfiyotiga aylandi. Bu orqali turk millatining faqatgina og‘zaki ijod an’anasiga ega emasligi ham isbotlandi. G‘arb dunyosida ikki asrdan beri «Qutadg‘u bilig» asari ustidan ilmiy ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunga qadar Yevropa, Amerika, Sovet ittifoqi, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Koreya va Turkiyadagi akademiklar turk adabiyoti bo‘yicha tadqiqot ishlarini boshlatish orqali «Qutadg‘u bilig» asari tadqiqotchilari bilan bog‘liq muvaffaqiyatli olimlarni yetishtirdilar. Hali ham tadqiq qilinayotgan bu asar, turk dunyosining umum turk tili davrini ochib bergan bebaxo xazinadir.

***

«Turk dunyosiga bag‘ishlangan umr» nomli dasturimizning bugungi sonida Qoraxoniy davrida qalamga olingan «Qutadgu bilig» yoki «Baxtga eltuvchi, qut beruvchi bilim» va uning muallifi «Yusuf Xos Hojib» haqida so‘z qildik. Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Yusuf Xos Hojib turk duynosi bor ekan, uning nomi abadiy yashaydi.

TRT Turkiya Ovozi radiosi uchun Nazgul Qadirova tomonidan tayyorlandi.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar