Yevroosiyo kun tartibi - 63

Dasturimizning bugungi sonida Turkiy davlatlar kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz

2062478
Yevroosiyo kun tartibi - 63

2023 - yilning 31 - oktabri kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Markaziy Osiyo – Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 1 - forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari va YeXHT Bosh kotibi ishtirok etdi. Unda, mintaqaviy xavfsizlik va ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

2023 - yilning 1 - noyabri kuni Ashxobod shahrida XVI “Markaziy Osiyo – Janubiy Koreya” forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda tegishli davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi. Unda, Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarining bugungi holati va kelgusi mushtarak sa’y - harakatlar muhokama qilindi. Forum yakunida qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Forumga kelgan mehmon vazirlarni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov alohida - alohida qabul qildi.

2023 - yilning 1 – 3 noyabri kunlari O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar transport vazirlarining 12 - kengashi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv yakunida Toshkent deklaratsiyasi va ayrim shartnomalar imzolandi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 2023 - yil 1 – 2 noyabr kunlari Qozog‘iston bilan O‘zbekistonga rasmiy tashrif uyushtirdi. Prezident Makron, Ostona shahrida Qozog‘iston Prezidenti Qasim - Jo‘mart Toqayev, Toshkentda esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida mazkur mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuvlar natijasida Qozog‘iston va Fransiya o‘rtasida 6 ta, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida 8 ta shartnoma imzolandi. Prezidentlar Qozog‘iston - Fransiya va O‘zbekiston - Fransiya biznes forumlarida ishtirok etdilar. Qozog‘iston Prezidenti Toqayev va O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev fransuz ishbilarmonlari bilan uchrashdi. Fransiya Prezidenti O‘zbekistonda, Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishdi. Mavzuga doir xabarda, Prezident Makronning Markaziy Osiyo mamlakatlariga uyushtirgan tashrifining asosiy sababi uran savdosi ekani takidlandi. Eslatib o‘tish joziki, Qozog‘iston uran qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Afrika davlatlari va Rossiyadan uran import qilayotgan Fransiya uchun bu borada yangi hamkorlar topish zarur ko‘rinadi. Chunki Fransiyaning fransuz tilida so‘zlashuvchi Afrika davlatlari bilan bo‘lgan aloqalari zaiflashmoqda. Ukraina inqirozi tufayli Rossiyadan uran importi istalgan vaqtda uzilishi mumkin.

2023 - yilning 3 - noyabri kuni Ostona shahrida Turkiy Davlatlari Tashkilotining 10 - sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston va Turkiya prezidentlari, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi va Vengriya Bosh vaziri ishtirok etdi. Sammit yakunida 12 ta shartnoma imzolandi. Iqtisodiy Hamkorlik Tashkilotiga Turkiy Davlatlar Tashkiloti tomonidan kuzatuvchi maqom berildi. Turkiy davlatlarning rahbarlari ham ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdilar.

***

Ozarbayjon Milliy majlisi raisi Sohiba Gafarova, 2023 - yilning 31-oktabridan 2 - noyabrigacha amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada bo‘ldi. 1 - noyabr kuni Sohiba Gafarova, janubiy koreyalik hamkasbi bilan uchrashdi.

Gagauziya avtonom viloyati ma’muriyatining bir turk firmasi bilan arzon narxda tabiiy gaz yetkazib berish ustidan shartnoma imzolashi, Komrat va Kishinyov o‘rtasida muammo tug‘ilishiga yo‘l ochdi. Moldova yetakchiligi, Gagauziyaning bu arzon narxdagi tabiiy gazni butun mamlakatga tarqatishlari mumkinligini bildirdi. Moldova, o‘tgan yili Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berishni to‘xtatdi. Oqibatida mamlakatda energiya narxi jiddiy ravishda oshdi.

 

 



Aloqador xabarlar