Yevroosiyo kun tartibi - 59

“Yevroosiyo kun tartibi” dasturining bugungi sonida Turk Respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

2050125
Yevroosiyo kun tartibi - 59

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 - yilning 1 – 2 oktabri kunlari rasmiy tashrif bilan Qatarda bo‘ldi. Qatar Amiri Tamim bin Hamad al – Soniy Prezident Mirziyoyevni tantanali ravishda kutib oldi. Uchrashuvlardan so‘ng ikki davlat o‘rtasida 9 ta shartnoma imzolandi. Davlat rahbarlari EXPO Doha - 2023 ko‘rgazmasining ochilish marosimida ishtirok etdilar. Tashrif doirasida Prezident Mirziyoyev Qatarning ayrim kompaniyalari rahbarlari bilan alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shavkat Mirziyoyev 5 - 7 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasida bo‘ldi. Shu doirada Mirziyoyev Tatariston poytaxti Qozonga bordi. Tatariston Raisi Rustam Minnixonov Prezident Mirziyoyev bilan uchrashib, Qozon Kremli bilan tanishtirdi. Prezident Mirziyoyev, “Kazan EXPO” ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. 4 - oktabr kuni Qozon shahrida III Rossiya - O‘zbekiston mintaqalararo hamkorlik forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda jami 3,5 milliard dollarlik shartnomalar tuzildi.

6 - oktabr kuni Prezident Mirziyoyev Qozondan Moskvaga yo‘l oldi. Prezident Mirziyoyev Moskvada Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustin va Davlat rahbari Vladimir Putin bilan uchrashdi. Muzokaralar natijasida ikki davlat oʻrtasida 10 ta shartnoma imzolandi. 7 - oktabr kuni Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston Prezidentlari, Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazuvchi loyiha qurilishini boshladi.

2023 - yilning 6 - oktabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mezruiyni qabul qildi. Qabul chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi Qirg‘izistonda quyosh elektr stansiyasini qurishi ma’lum qilindi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 2023 - yilning 6 - oktabr kuni Eron Islom Respublikasi yo‘llar va infratuzilma vaziri Mehrdod Bazrpashni qabul qildi. Uchrashuvda ikki davlat munosabatlariga oid turli masalalar muhokama qilindi. Shu kuni Zangilon viloyatida Ozarbayjon - Eron chegarasida yangi ko‘prik va chegara o‘tish punkti qurilishi boshlandi.

2023 - yilning 6 - oktabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Serbiya Milliy majlisi raisi Vladimir Orlichni qabul qildi. Uchrashuvda Ozarbayjon - Serbiya ikki tomonlama munosabatlar darajasidan mamnunlik bildirildi. Serbiya Milliy majlisi raisi Vladimir Orlich rasmiy tashrif doirasida Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov va parlament spikeri Sohiba Gafarova bilan uchrashdi.

***

2023 - yilning 3 - oktabri kuni Turk Davlatlari Tashkiloti, asos solinishining 14 yilligini nishonladi. 4 - oktabr kuni tashkilotga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari Istanbulda koʻp tomonli siyosiy maslahatlashuv yig‘ilishi oʻtkazdi. Turk Davlatlari Tashkilotining navbatdagi sammiti, 2023 - yilning 3 - noyabri kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tadi.

2023 - yilning 5 - oktabr kuni Turk Davlatlari Tashkiloti Adliya vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish doirasida Turk Davlatlari Tashkiloti Notariuslar ittifoqini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bundan tashqari, TURKSOY rahbarligida Turk dunyosi kino ijodkorlari ittifoqi tashkil etildi.

Voqealardan ko‘rinib turibdiki, o‘tgan haftada Turk Respublikalarida muhim tashriflar amalga oshirildi. Turk Davlatlari Tashkiloti, Turk Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlikni maksimal darajada olib chiqishga qaratilgan sa’y - harakatlarini davom ettirmoqda.

 



Aloqador xabarlar