Turkiyaning quruqlikdagi muzliklari global isish tufayli yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida

Qiziqarli ma’lumotlar dasturining bugungi sonida, global isish oqibati Turkiya muzliklariga qanday ta’sir qilgani haqida so‘z qilamiz.

2018174
Turkiyaning quruqlikdagi muzliklari global isish tufayli yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida

Mutaxassislarning qayd etishicha, iqlim o‘zgarishi va global isish ta’sirida Turkiyaning quruqlikdagi muzliklari erib, 30-35 foizga qisqargan. Holat shunday davom etgudek bo‘lsa unda 50 yil ichida barcha tog‘ va vodiy muzliklari yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

***

Qutblardagi muzliklar, quyosh nurlarining 80 foizinigina aks ettirish orqali dunyoning haddan tashqari qizib ketishiga monelik qilmoqda. Ammo 1970-yillardan beri ularning qariyb yarmi kamaygan vaziyatda. Iqlim o‘zgarishi ta’siridan kelib chiqqan bu yo‘qotishlar faqat qutb muzliklari bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Atrof-muhitni suv resurslari jihatidan oziqlantirib turuvchi tog‘lardagi quruqlik muzliklari ham erib bormoqda.

Istanbuldagi Texnika universiteti (ITU) Yevroosiyo Yer fanlari instituti, Qattiq Yer fanlari bo‘limi o‘qituvchisi Prof. Dr. Mehmet Akif Sarikayaning aytishicha, qutb muzliklari hajmi katta, tog‘ muzliklari hajmi esa kichikroq.

Iqlim inqirozi oqibatida har ikki turdagi muzlik ham erib, hajmini yo‘qotganini yodga solgan Sarikaya, “Bu jihatdan ikkalasini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Qutb muzliklari hajmi ancha katta bo‘lgani uchun ularning erishi quruqlikdagi muzliklardek tez emas. Biznikiga o‘xshash o‘rta kenglikdagi mintaqalarda muzliklarning erishi ancha jadal tus olmoqda”.- dedi.

Sanoatlashtirishdan keyin ortib borayotgan haroratning butun dunyoda bo‘lganidek Turkiyada ham muzliklarga salbiy ta’sir qilganini ifoda etgan Sarikaya, quruqlikdagi muzliklarning asosiy roli suv manbalari ekani va bu muzliklarning erishi, suv resurslarining kamayishi degan ma’noni anglatishini ta’kidladi.

Anado‘luda dunyoning boshqa mintaqalari bilan solishtirganda juda katta muzliklar yo‘qligini va mavjud muzliklarning erishi esa, sezilarli darajada ta’sir qilmasligini qayd etgan Sarikaya so‘zlari davomida:

“Turkiyada jami 12 ta joyda 51 ta muzlik zonasi mavjud boʻlib, ularning umumiy maydoni 10 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Agʻri (Ararat) togʻi choʻqqisidagi eng katta muzligimiz 1976-yili taxminan 8 kvadrat kilometrdan iborat edi amma u bugungi kunda 5 kvadrat kilometrga tushdi. Barcha muzliklarimizda taxminan 30-35 foizga kamayish kuzatilmoqda. Hakkaridagi Jilo tog‘laridagi muzliklarimiz, oxirgi 100 yil ichida 50-60 foizga qisqargan. Biz olib borgan proyeksiya tadqiqotlariga ko‘ra, agar isish shu tariqa davom etgudek bo‘lsa unda Erjiyesdagi muzlik butunlay yoʻq boʻlib ketishi mumkin. Dunyodagi harorat rekordlari inson faoliyati bilan birgalikda muzliklarning erishini tezlashtirmoqda. Jilodagi turizm bilan bogʻliq inson faoliyatlari bunga misol boʻla oladi. Rekord o‘rnatgan haroratga inson faoliyatlari ham ilova bo‘lmoqda va muzliklarning erishi tezlashib, suv resurslariga salbiy ta’sir qilmoqda”.-degan ifodalarga o‘rin berdi.

50 yil ichida togʻ va vodiy muzliklari butunlay erib ketishi kutilmoqda

Bo‘g‘ozichi universiteti Iqlim o‘zgarishi va siyosatlarni qo‘llash va tadqiqot markazi boshqaruvi a‘zosi Prof. Dr. Murat Turkeshning qayd etishicha, Turkiyadagi tog‘ muzliklari bilan Ag‘ridagi do‘ppi muzliklari oxirgi 50 yil ichida jadal ravishda erib, qisqarib ketgani aniqlangan.

Turkesh o‘z so‘zida:

“Agar bu shunday davom etgudek bo‘lsa unda kelasi 50 yil ichida barcha togʻ va vodiy muzliklari erib ketishi taxmin qilinmoqda. Bu holat Turkiya uchun ham shunday. Chunki tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Turkiyaning turli nuqtalarida qolgan yagona tog‘lar ustidagi muzliklar, vodiy muzliklari tezda erib qisqarmoqda, yo‘qolib ketmoqda”.-dedi.

Muzliklarning har doim qor bilan qoplangan holda turishi va ularning atrofdagi geografiyani, ekotizimni, suv resurslari va hayotni oziqlantirgan muhim suv manbalari ekaniga e’tibor qaratgan Turkesh, “Qor yetarli bo‘lib, erish-oziqlanish muvozanati mos bo‘lsa unda sikl davom etadi. Lekin bugungi kunda bu muvozanat buzildi, chunki global isish tufayli muzliklar juda tez erimoqda, qor yog‘ishi asta-sekin kamayib bormoqda, eng yomoni qor yog‘sa ham tez erimoqda”.-dedi.

“Izostatik muvozanat buzilmoqda”.

Tog‘ muzliklarining kamayishi bilan atrofdagi ekotizimlarda paydo bo‘lgan maxsus iqlim va ular oziqlantirgan butun geografiyaning bundan buyon yetarli suv resurslariga ega bo‘lolmasligiga e’tibor qaratgan Turkesh, so‘zlarini quyidagicha yakunladi:

“Ayniqsa, Himolay va And tog‘larida vaqti-vaqti bilan to‘satdan qor va muzning erishi suv toshqini, daryo toshqinlari va ko‘chkilarga yo‘l ochmoqda. Muzliklarning erishi natijasida tog‘li hududlar yana-da ko‘proq eroziyalanadi; bu orqali asta-sekin ham bo‘lsa yer qobig‘idagi izostatik muvozanat buzilmoqda. Bu ham yuqorida qayd etilgan tabiiy ofatlarning uzoq davom etishiga olib keladi. Shu bois ham bularni, eng keng qamrovli global ta’sir deb qo‘lga olish mumkin. Agar muzliklar, vaqt o‘tishi bilan butunlay yo‘qolib ketgudek bo‘lsa unda bu, suv resurslari ozayadi, o‘rmonning yuqori chegarasidagi alp o‘tloqlari quriydi, u yerdagi yashash muhiti yomonlashadi va asrlardir chorvachilik qilib kelayotgan ko‘chmanchilarga salbiy ta’sir qiladi degan ma’noni anglatadi”.



Aloqador xabarlar