Yevroosiyo kun tartibi -31

Dasturimizning bugungi sonida Yevroosiyo respublikalari kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

1967432
Yevroosiyo kun tartibi -31

Xitoy Xalq Respublikasi Prezidenti Si Jinpingning Rossiyaga rasmiy tashrif uyushtirishi o‘tgan haftada Yevroosiyo hududida ro‘y bergan eng muhim voqea deb qayd etildi. Shunday ekan keling, ushbu tashrif tafsilotlarini ko‘rib chiqaylik.

Shu bilan uchinchi bor, uchinchi muddatga prezident bo‘lib saylangan Si Jinpingning birinchi chet el tashrifi 2023-yilning 20-22-marti kunlari Rossiyaga amalga oshirildi. Poytaxt Moskvada Si Jinping bilan Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin rasmiy va norasmiy ikkita uchrashuv o‘tkazdi. Rasmiy uchrashuv yakunida Vladimir Putin bilan Si Jinping har tomonlama sheriklik va strategik hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Ma’lumki, tomonlar ushbu tashrifga puxta tayyorgarlik ko‘rgan. Tashrif oldidan Rossiya Davlat rahbari Xitoyning, Xitoy Davlat rahbari Rossiyaning eng nufuzli davlat gazetalarida keng ko‘lamli maqolalar chop etdilar. Rossiya-Ukraina urushining 1-yilligi munosabati bilan 24-fevral kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Rossiya bilan Ukrainani tinchlik stoliga taklif qiluvchi 12 moddadan iborat hujjat e’lon qildi. Si Jinpingning Rossiyaga uyushtirgan tashrifi ortidan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ham uchrashishi haqida ma’lumot tarqatildi.

Si Jinpingning Rossiyaga tashrifiga javoban Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida Ukrainaga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi va Ukrainani qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Shunga qaramay Xitoyning Rossiya va Ukrainani yarashtirishga urinishi hozircha natija bermadi.

2023-yil 17-mart kuni Xalqaro jinoyat sudi Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putinni “harbiy jinoyatlar sodir etish”da ayblab, hibsga olish haqida qaror qabul qildi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Gaagadagi sudni, “davlat rahbarlarining daxlsizligini hurmat qilishga” chaqirdi.

G‘arbning Rossiyaga nisbatan kiritgan sanksiyalari tufayli Xitoy Rossiyaning eng yirik savdo sherigiga aylandi. Ikki davlatning mushtarak savdo hajmi 2022-yili 180 milliard dollarni tashkil etdi. Boshqacha qilib aytganda, Rossiyaning Xitoyga bo‘lgan qaramliligi ortdi.

Si Jinpingning Moskvaga uyushtirgan tashrifi Sharq blogining G‘arb blogiga qarshi tashkillanayotganidan dalolat beradi. Rossiya yuzini sharq tomon qaratdi. Agar dunyoda siyosiy inqiroz chuqurlashgudek bo‘lsa unda Yevroosiyo davlatlari ham o‘z tomonini tanlashiga to‘g‘ri keladi.

Endi esa o‘tgan hafta Yevroosiyoning boshqa davlatlarida bo‘lib o‘tgan tashriflarga nazar tashlasak. 2023-yilning 19-20-marti kunlari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan Qatarda bo‘ldi. 20-mart kuni Prezident Berdimuhamedov Qatar Amiri Tamim bin Hamad as-Soniy bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat oʻrtasida 7 ta shartnoma imzolandi. Tashrif doirasida Prezident Berdimuhamedov Qatar Ta’lim, fan va ijtimoiy taraqqiyot jamg‘armasiga tashrif buyurdi. Berdimuhamedov shuningdek, qatarlik taniqli tadbirkorlar bilan ham uchrashdi. Dohada Turkmaniston elchixonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

2023-yil 20-mart kuni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Serbiya parlamenti spikeri Vladimir Orlich bilan uchrashdi. Unda o‘zaro munosabatlar, Yevropa ittifoqi tarkibiga kirish jarayoni va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Vladimir Orlich gruziyalik hamkasbi Shalva Papuashvili bilan ham uchrashdi.



Aloqador xabarlar