Yevrosiyo kun tartibi - 27

Dasturimizning bu galgi sonida, Markaziy Osiyo davlatlarining arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarini mustahkamlovchi muhim o‘zgarishlar haqida so‘z qilamiz.

1953941
Yevrosiyo kun tartibi - 27

O‘tgan haftalarda Markaziy Osiyo davlatlarining arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarini mustahkamlovchi muhim o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shunday ekan keling, Yevrosiyo kun tartibi dasturining bu galgi sonida, navbat bilan shular haqida so‘z qilaylik.

Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, 2023-yil 11-12 fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif uyushtirdi. Gurbanguli Berdimuhamedov ushbu tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid an-Nahyon va Bosh vazir o‘rinbosari Mansur bin Zoid an-Nahyon bilan uchrashdi. Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi, Masdar, ADNOC va Abu-Dabi porti rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Unda, Turkmanistonga kiritiladigan sarmoyalar va ikki tomonlama munosabatlarga oid turli masalalar muhokama qilindi. Tashrif yuzasidan qo‘shma bayonot chop etildi va o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

2023-yil 19-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari Mansur bin Zoid an-Nahyon amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi. Ashxobod shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati muhokama qilindi. Abu-Dabi Milliy neft kompaniyasi Turkmanistonning “Galkinish” konidan gaz qazib chiqaradi.

2023-yil 21-fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov Bahrayn Qirolligiga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. Aeroportda Prezident Berdimuhamedovni Bahrayn Bosh vaziri Halid bin Abdulloh an-Halifa kutib oldi. 22-fevral kuni Serdar Berdimuhamedov Bahrayn Qiroli Hamad bin Iso an-Halifa bilan uchrashdi. Uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasida 11 ta shartnoma imzolandi. Prezident Berdimuhamedov, Bahraynning, “Iso bin Salmon an-Halifa” nomidagi oliy darajali ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu tashrifi chog‘ida Prezident Berdimuhamedov, Bahrayn Iqtisodiy rivojlanish kengashi rahbariyati bilan ham uchrashdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 20-21-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Misr Arab Respublikasida bo‘ldi. Prezident Mirziyoyevni aeroportda Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining shaxsan o‘zi kutib oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifining birinchi kuni poytaxt Qohiradagi Ahmat Farg‘oniy haykalini ziyorat qildi va Misr davlat sivilizatsiya muzeyini ko‘zdan kechirdi. O‘zbekiston Prezidenti shu kuni Misr ishbilarmon doiralarining taniqli vakillari bilan ham uchrashdi. 21-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimdan so‘ng ikki davlat prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida bir qator shartnomalar imzolandi. Prezidentlarning qo‘shma bayonoti e’lon qilindi. Shundan so‘ng Prezidentlar matbuot anjumani uyushtirdilar.

2023-yilning 21-fevral kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sharaf Sheralizoda Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha departamenti rahbari Muhammad bin Abdulhodiy an-Matrafiy bilan uchrashdi. Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari qo‘lga olindi.

2023-yil 13-15-fevral kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon hukumat forumida Markaziy Osiyo respublikalari Bosh vazirlari faol ishtirok etdilar.



Aloqador xabarlar