Yevrosiyo kun tartibi - 17

Dasturimizning bugungi sonida oʻtgan hafta Turk Respublikalari kun tartibida oʻrin olgan muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

1922384
Yevrosiyo kun tartibi - 17

Oʻtgan hafta Turk Respublikalari kun tartibiga chiqqan eng muhim voqealardan biri Turkmanistonda boʻlib oʻtgan uch tomonli sammit desak mubolagʻa boʻlmaydi. 2022-yilning 14-dekabr kuni Turkmanistonning "Avaza" turizm mintaqasida Ozarbayjon, Türkiye va Turkmaniston prezidentlarining uch tomonli sammiti uyushtirildi. “Avaza” konferensiya markazida boʻlib oʻtgan ushbu sammit yakunida savdo, ilm - fan, taʼlim, madaniyat, bojxona, energetika va transport sohalarida beshta shartnoma imzolandi. Sammit haqida 25 moddadan iborat qoʻshma bayonot chop etildi. Prezident Rejep Tayyip Erdoʻgʻan sammitdagi nutqida, Turkman tabiiy gazini Gʻarb bozorlariga olib chiqish ishlarini boshlash kerakligini ta’kidladi.

Avazada uch davlat prezidentlari bir-birlari bilan alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Turk Davlatlari Tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek O‘muraliyev Ozarbayjon, Türkiye va Turkmaniston o‘rtasidagi munosabatlarning kengayishi, Turk Davlatlari Tashkiloti tarkibidagi davlatlar o‘rtasidagi birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilishi va Turk dunyosini birlashtirish hamda butunlashtirish jarayonida oldinga qo‘yilgan muhim shahdam qadam bo‘lishini ta’kidladi.

Uch tomonli sammit oldidan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov O‘zbekiston vitse-prezidenti Sardor Umurzoqovni qabul qildi. 12 - dekabr kuni boʻlib oʻtgan ushbu qabulda o‘zaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi. Aytishimiz mumkinki, O‘zbekiston uch tomonli sammitni diqqat bilan kuzatib bordi.

2022-yil 12-dekabrda ko‘plab ozarbayjonliklar bilan atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha nodavlat tashkilotlar, Armanistondan Qorabog‘ga boradigan yagona yo‘l hisoblangan Lochin yo‘lagini bekitdilar. Namoyishchilar Qorabog‘dagi tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanishning oldini olish va uning atrof-muhitga salbiy ta’sirini bartaraf etishni talab qilmoqda. Qorabog‘dagi oltin va ba’zi qimmatbaho tosh konlarini Rossiya, Kanada va Britaniya kompaniyalari boshqaradi. Boku maʼmuriyati mintaqada ozarbayjonlik mutaxassislar tomonidan ish olib borilishi haqida qaror qabul qildi ammo mazkur hay’atning ish olib borishiga Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari toʻsqinlik qildi. Bu holat yuzasidan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Rossiyaga nota berildi. Mintaqada vaziyat keskinligicha qolmoqda.

2022-yilning 15-dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Turk Davlatlari Tashkiloti Bosh kotibi Kubanicbek Oʻmuraliyevni qabul qildi. Qabul chogʻida, Turk Davlatlari Tashkiloti kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi.

Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov Turk Respublikalarga uyushtirgan tashrifini davom ettirmoqda. Prezident Minnixanov joriy yilning 12-dekabri kuni Bursaga keldi. Bursada Türkiye-Tatariston biznes forumi uyushtirildi.

2022-yilning 13-dekabri kuni Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanovni qabul qildi. Unda, oʻzaro munosabatlarni yanada rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Prezident Minnixanov, Qozog‘istonning Saran shahrida Tatariston tomonidan 400 million dollarlik sarmoya bilan qurilgan shina fabrikasining ishlab chiqarish faoliyatiga kirishganini bildirdi.

Voqealardan koʻrinib turibdiki, oʻtgan hafta Turk Respublikalari kun tartibi ancha band edi. Uch tomonli sammit va biznes-forumi, yoʻlga qoʻyilgan o‘zaro investitsiyalar Turk Respublikalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlamoqda.


Tanlangan kalimalar: #Turk Respublikalari , #Turkmaniston , #Avaza

Aloqador xabarlar