O'zbekistondan xabarlar-12

O‘zbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi 24-26-noyabr kunlari Varshava shahrida (Polsha) bo‘lib o‘tgan YEXHT Parlament Assambleyasining kuzgi sessiyasida ishtirok etdi.

1912555
O'zbekistondan xabarlar-12

 

2022 yil 24-26-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi delegasiyasi Varshava shahrida (Polsha) bo‘lib o‘tgan EXHT Parlament Assambleyasining (PA) kuzgi sessiyasida ishtirok etdi.

Tadbirda EXHTga a'zo 50 ta davlatdan 220 dan ortiq parlament a'zolari ishtirok etdi.

Sessiya doirasida umumiy yalpi majlis, shuningdek, EXHT PA migratsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitalari majlislari bo‘lib o‘tdi. Sessiya doirasida EXHT hududidagi nizolarni bartaraf etish, “yashil iqtisodiyot”ni yanada rag‘batlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, saylovlarni tashkil etish sohasida tajriba almashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Bundan tashqari, sessiya davomida parlament a'zolari Parlament Assambleyasi hamda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) rahbariyatining hisobotlarini eshitdi.

EXHT PA Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi majlisi doirasida qo‘mitaning yangi doimiy a'zosi senator R.Alimov tanishtirildi. O‘zbekiston vakili ma'ruza qildi. R.Alimov respublikada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, qilmishidan afsuslangan shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish va ularni jamiyatga moslashtirish, shuningdek, terroristik faoliyatdan jabrlangan ayollar va bolalarni qutqarish hamda o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha “Mehr” dasturlarini amalga oshirish doirasida ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma'lumot berdi.

O‘zbekiston delegasiyasining Varshavada bo‘lishi doirasida EXHT PA vise-prezidenti, Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mita raisi R.Lopatka va Assambleya Bosh kotibi R.Montella bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlarda tomonlar mamlakatimizning EXHT PA doirasidagi hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, shuningdek, Assambleyaning 2023 yildagi yalpi tadbirlariga oid masalalarni muhokama qildi.

EXHT PA vakillari o‘zaro hamkorlik darajasini, O‘zbekiston Respublikasining Assambleya doirasidagi faol pozisiyasini yuqori baholadi hamda ijtimoiy-siyosiy va sosial-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati institutlarini mamlakat fuqarolari manfaatlaridan kelib chiqib mustahkamlashda bundan buyon ham har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

O‘zbekiston delegasiyasining EXHT PA kuzgi sessiyasidagi ishtiroki doirasida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi R. Alimovning Polsha Senati vise-marshali (vise-spikeri) M. Kaminskiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikni va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berdi, savdo-iqtisodiy va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish sohasida hali foydalanilmagan katta salohiyat mavjudligini ta'kidladi.

O‘z navbatida, M.Kaminskiy O‘zbekistonga Polsha investisiyalarini jalb qilishda har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi, Polsha mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. U Polsha parlamenti a'zolari Polsha-O‘zbekiston ko‘p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirish va mustahkamlashni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga hamda O‘zbekiston delegasiyasining EXHT PA tadbirlarida faol ishtirok etishiga ishontirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha yaqin vaqt ichida “O‘zbekiston – Polsha” parlamentlararo do‘stlik guruhining navbatdagi majlisini tashkil etishga kelishib olindi.

Uchrashuvda, shuningdek, Seym deputati, “Polsha – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari P.Beyda, O‘zbekistonning Polshadagi Elchisi B.Babaev ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston delegasiyasining safari davomida 25 noyabr kuni O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Alimov ishtirokida Polsha oliygohlarida tahsil olayotgan talabalar va ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan va vaqtincha ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.

Unda O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Baxrom Babaev so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilariga Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan yoshlarga oid siyosatning maqsad va ustuvor vazifalari xususida batafsil ma'lumot berdi. Mamlakatimizda yoshlarning ijtimoiy hamda ma'naviy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratib berishga qaratilgan sa'y-harakatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida urg‘u berildi.

Senator vatandoshlarning e'tiborini "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deya nom berilgan 2022 yil davomida yurtimizda ko‘plab salmoqli ishlar bajarilganligi, xususan Konstitusiyaga o‘zgartirish kiritish va migratsiya sohasini tartibga solish masalalariga qaratdi.

Ravshan Alimov vatandoshlarning eʼtiborini "Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" deb nomlangan 2022 yil davomida yurtimizda ko‘plab salmoqli ishlar hayotga tadbiq etilgani, xususan, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va migratsiya sohasini tartibga solish bilan bog‘liq masalalarga qaratdi. U mustaqillik neʼmati xalqimizga o‘zligini anglash, tarixini chuqur o‘rganish va anglash, madaniy va maʼnaviy merosdan bahramand bo‘lish imkoniyatini taqdim etganligi xususida to‘xtalar ekan, o‘tgan 31 yil davomida mamlakatimiz tarixiy rivojlanish davrini boshdan kechirgani holda turli sohalarda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganligi va ular xalqimiz farovonligini taʼminlash uchun xizmat qilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda inson huquqlarining taʼminlanishi qonun himoyasi ostida ekanligi ham qayd etildi.

Tabdirda so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston qonunchiligida, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida yuz berayotgan islohotlar va o‘zgarishlar jarayoni, mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotgani, xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikda ulkan iqtisodiy-ijtiomiy loyihalar hayotga tadbiq etilayotgani bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot chog‘ida elchixona tomonidan xorijda mehnat qilayotgan migrantlarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash, ularning haq-huquqlarini taʼminlash, mehnat shartnomasida belgilangan talablarning o‘z vaqtida bajarilishi, ishchilar sog‘lig‘i va ijtimoiy himoyasini yana-da kuchaytirish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilgani barobarida elchixona tomonidan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga konsullik-huquqiy maslahatlar ham berildi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar