Yevrosiyo kun tartibi-53

Dasturimizning bugungi sonida, Qozog‘iston Prezidentining Ozarbayjonga bo‘lgan tashrifi haqida soʻz qilamiz.

1874594
Yevrosiyo kun tartibi-53

Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2022-yil 24-avgust kuni Ozarbayjonga rasmiy tashrif uyushtirdi. Boku shahrida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qozogʻiston Prezidentini rasmiy marosim bilan kutib oldi. Ushbu marosimdan so‘ng yetakchilarning oʻzaro uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida Qasim-Jomart Toqayev ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun Prezident Ilhom Aliyevga Qozog‘istonning yuqori martabali “Oltin burgut” davlat medalini taqdim etdi.

Shundan so‘ng hay’atlararo uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor strategik hamkorlikni yanada kengaytiruvchi “yo‘l xaritasi”ga qaratildi. Prezidentlar Ozarbayjon Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik munosabatlarni mustahkamlash va ittifoqchilik hamkorligini chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Bundan tashqari, 2022-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan davr mobaynida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur tasdiqlandi. Turk dunyosining muhim shaharlaridan Turkiston bilan Shusha o‘rtasida qardosh shahar protokoli imzolandi. Prezident Aliyev hay’atlararo uchrashuvda bayonot berib, tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasida yigirmadan ortiq shartnoma imzolanishini maʼlum qildi. Muzokaralar yakunida transport, iqtisodiyot, savdo, informatika, aloqa va madaniyat kabi sohalarni qamrab olgan shartnomalarga qo‘l qo‘yildi.

Jurnalistlar uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirgan Qozog‘iston Prezidenti Toqayev, “O‘zining hududiy yaxlitligini g‘alaba bilan qayta tiklagan Ozarbayjon, taraqqiyotning yangi davriga qadam qo‘ydi... Biz bundan chin dildan xursandmiz. Shuningdek, Qorabog‘ bilan Sharqiy Zangezurning qanday jonlanayotganini ham ko‘rib turibmiz... Qozog‘iston bu ezgu ishga o‘z nomidan hissa qo‘shishga tayyor. Kelgusi yil oxirigacha Fuzuli shahrida qozoq xalqi nomidan Qurmangazi nomidagi san’at maktabi quriladi”. - dedi. Nomi tilga olingan markaz, Qozog‘istonning BI-Group shirkati tomonidan qurib beriladi.

Qozog‘iston hay’ati tashrif doirasida, “Shahidlar hiyoboni”da bo‘ldi. Prezidentlar Aliyev va Toqayev Milliy bog‘da barpo etilgan “Qozoq chodiri”ga ham birgalikda borib qaytdi.

Prezident Toqayev Bokuda ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma savdo hajmining so‘nggi davrda uch barobar oshganini alohida ta’kidladi. Rossiya-Ukraina urushi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar O‘rta koridordan yana-da faol foydalanishga sabab bo‘ldi. Qozog‘iston Kaspiy dengizi orqali ham, Turkmaniston va Eron orqali ham G‘arbga bo‘lgan eksportini oshirdi. Ozarbayjon va Qozog‘iston o‘z oldiga qisqa muddatda bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib oldi.

Prezidentlar Bokuda imzolagan qoʻshma bayonotda taʼkidlaganidek, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari jadal rivojlanmoqda. Joriy yilning 25-26 avgusti kunlari Choʻlpon-ota shahrida boʻlib oʻtgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hukumat rahbarlari yigʻilishida Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov ham ishtirok etdi.

Iyun oyida Bokuda ilk bor Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya Tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu holat Ozarbayjon-Qozog‘iston munosabatlarining yangi bosqichga ko‘tarilishidan darak berdi. Prezident Toqayevning Bokuga bo‘lgan tashrifi, o‘zi ham ta’kidlaganidek Qozog‘iston-Ozarbayjon munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi.



Aloqador xabarlar