Yevrosiyo kun tartibi-46

Dasturimizning bugungi sonida Markaziy Osiyo respublikalaridan ba'zi davlat rahbarlarining Eron Islom Respublikasiga uyushtirgan tashriflari va oʻzaro munosabatlarning bugungi holati haqida soʻz qilamiz.

1854664
Yevrosiyo kun tartibi-46

So‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo respublikalari rahbarlarining Tehronga birin-ketin tashrif uyushtirishlari e’tibordan chetda qolmadi. May oyining oxiri va iyun oyida uch davlat rahbari rasmiy tashrif bilan Eronda boʻldi. Shunday ekan keling, ushbu tashriflarga qisqacha toʻxtalib oʻtaylik.

2022-yil 29-30-may kunlari Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon rasmiy tashrif bilan Eron Islom Respublikasida bo‘ldi. Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy Tojikiston Prezidenti Rahmonni Tehronda rasmiy marosim bilan kutib oldi. Ikki davlat lideri tor va kengaytirilgan formatda uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat oʻrtasida 16 ta shartnoma imzolandi.

2022-yilning 14-15-iyuni kunlari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov rasmiy tashrif bilan Eronda bo‘lib qaytdi. Serdar Berdimuhamedov Tehronda rasmiy marosim bilan kutib olindi. Tashrifning ikkinchi kuni ya’ni 15-iyunda ikki davlat rahbari oʻzaro va hay’atlararo uchrashuv oʻtkazdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat oʻrtasida 15 ta shartnoma imzolandi. Serdar Berdimuhamedov Prezident sifatida Rossiyadan keyin chet elga boʻlgan ikkinchi safarini Eronda amalga oshirdi.

2022-yil 19-iyun kuni Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev rasmiy tashrif bilan Eronga keldi. Tehronda Toqayevni Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy rasmiy marosim bilan kutib oldi. Muzokaralardan so‘ng ikki davlat o‘rtasida 9 ta shartnoma imzolandi. Bu tashrif Toqayevning Prezident sifatida “Eronga ilk tashrifi” deb qayd etildi.

Tashriflari doirasida har uch davlatning rahbarlari Eronning diniy lideri Ali Xomaney va Parlament spikeri Muhammad Bager Galibaf bilan ham uchrashdilar.

Rossiya bilan Ukraina oʻrtasidagi urushdan soʻng anʼanaviy ravishda Gʻarbga va qaysidir maʼnoda Rossiya orqali dunyoga ochilgan Markaziy Osiyo respublikalari uchun muqobil yoʻllarning ahamiyati oshdi. Rossiya bilan yaqin iqtisodiy hamkorlikda boʻlgan Markaziy Osiyo respublikalari Gʻarbning Rossiyaga qarshi yoʻlga qoʻygan sanksiyalaridan bilvosita taʼsir koʻrmoqda. Shu nuqtai nazardan Eronning strategik kuchi alohida oʻringa ega. Markaziy Osiyo respublikalari Eron orqali dengizga va Gʻarbga yetib borishi mumkin. Aytish mumkinki, ana shu sabablar Markaziy Osiyo respublikalaridan davlat rahbarlarining Tehronga tashrif uyushtirishiga turtki bo‘ldi.

Prezident Qasim-Jomart Toqayevning Tehronga tashrifi chog‘ida Qozog‘istonning eronliklar uchun 14 kunlik vizasiz-rejimni qo‘llay boshlagani ma’lum qilindi. Vizalarni oʻzaro bekor qilish masalasi Eron va Tojikiston oʻrtasida ham muhokama qilinmoqda.

Qozog‘iston va Eron Prezidentlari Tehronda, Qozogʻistondan chiqib Eron orqali Turkiyaga ketayotgan yuk poyezdini kutib oldi.

Oxirgi haftalarda Eronning Lutfuobod, Turkmanistonning Artik va Farob viloyatlari hamda Oʻzbekistonning Olot viloyati orqali oʻtadigan yangi xalqaro avtomobil transporti yoʻnalishining xizmatga ochilgani maʼlum qilindi. Undan oldin, yuk tashuvchi transportlar Eronning Serahs, Turkmanistonning Serahs va Farob yo‘nalishlari orqali O‘zbekistonga ketayotgandi.

Voqealardan ko‘rinib turibdiki Tehron, ham Sharq-G‘arb ham da Janubiy-Shimol yo‘lida Markaziy Osiyo respublikalari uchun muhim davlat hisoblanadi. Eronning Yevroosiyo Iqtisodiy ittifoqi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti bilan munosabatlarini yaxshilashga intilishi ham Tehron yetakchiligining Markaziy Osiyo respublikalari bilan yaqinroq hamkorlik qilishini talab qilmoqda.



Aloqador xabarlar