O'zbekistondan xabarlar 20-qism

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To’qayev bilan telefon orqali muloqot qildi

1761259
O'zbekistondan xabarlar 20-qism

 

10-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart To’qayevning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning joriy masalalari va boʻlajak qoʻshma tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar.

Prezident To’qayev Qozogʻiston Respublikasidagi joriy holat hamda mamlakatda vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha hukumat tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Oʻzbekiston yetakchisi halok boʻlganlarning oilalariga yana bir bor hamdardlik bildirib, jabrlanganlar tezda shifo topishlarini tiladi.

Tomonlar birodar Qozogʻiston zaminida tinchlik va barqarorlik tez fursatda qayta tiklanishiga ishonch bildirdilar.

 

TIV: Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘istonda hibsga olingani haqida maʼlumot yo‘q

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoʻshni Qozogʻistondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.

Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa oʻrnatildi. Ularga zarur yordam koʻrsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan taʼminlandi.

Qozogʻiston hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari oʻrtasida aloqa oʻrnatishda tezkor yordam koʻrsatilmoqda.

Olma-otadan Oʻzbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar roʻyxati tuzildi. Ular “Uzbekistan airvays” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olma-ota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

Oʻzbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada boʻlib turibdi. Hozirda Oʻzbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida maʼlumot yoʻq.

 

Turkiya sanoatchilar va tadbirkorlar assotsiatsiyasi O‘zbekiston tadbirkorlarini "MUSİAD Expo" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi

O'zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xodimlari Turkiya sanoatchilar va tadbirkorlar mustaqil assotsiatsiyasi (MÜSİAD) mutassaddi vakillari bilan uchrashdi.

Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotga ko‘ra, tadbirda MUSİADning Eksportni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari Abdulkadir Sijakyuz,  Eksportni rivojlantirish qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Xalit Kerim, Assotsiatsiyaga aʼzo korxonalar - "Zirvegül grup" kompaniyasi direktori Onur Gul, “Otimed”  bosh mudiri Dilek Yurtseven ishtirok etdi.

Suhbatda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investorlarga taqdim etilayotgan imtiyozlar, Turkiya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari, MUSİADga aʼzo kampaniyalar ishtirokida 2019 yilning 23-28 sentyabr kunlari Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlarida tashkil etilgan biznes-forum va “V2V” shaklidagi uchrashuvlarning natijalari haqida so‘z yuritildi.

Turkiya vakillari O‘zbekiston bilan aloqalarning tobora mustahkamlanib borayotganini taʼkidlagan holda, O'zbekiston bilan mavjud hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida shu yilning may oyida O'zbekistonga kelishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Mazkur safar doirasida O‘zbekistondagi rasmiy idoralar, mahalliy hokimliklar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish, ishlab  chiqarish korxonalari mutasaddilari va tadbirkorlar bilan “ֿV2V” formatida uchrashuvlar tashkil etish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonlik tadbirkorlar joriy yil 2-5 noyabr kunlari MUSİAD tomonidan tashkil etiladigan "MÜSİAD Expo" xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etish uchun taklif qilindi.  

Uchrashuv natijasida tomonlar bildirilgan takliflarni hayotga amaliy tadbiq etish maqsadida o‘zaro muloqotlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishib oldi.

Maʼlumot o‘rnida, 1990 yilda tashkil etilgan MUSİAD ­nodavlat tashkilotining asosiy vazifasi xususiy sektor vakillariga samarali va jadal rivojlanish uchun qulay sharoitlar yaratishga ko‘maklashishdan iborat. Ayni paytda assotsiatsiya 12 mingdan ortiq aʼzoni birlashtiradi. MUSİADning Turkiyada 86 ta filiali  va  81 ta davlatda vakolatxonasi mavjud.

 

O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof qozonmoqda

Qirg‘iziston Milliy yozuvchilar uyushmasi rayosati aʼzosi, taniqli yozuvchi, Bobur nomidagi xalqaro jamg‘armaning Qirg‘iziston bo‘limi rahbari, “Qirg‘iziston-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Begijon Ahmedov O‘zbekiston harbiy xizmatchilarini mamlakat Qurolli kuchlari tuzilganining 30 yilligi bilan tabrikladi.

- Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, mudofaa tizimini takomillashtirish, qardosh qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda, - dedi u. - Chunki umumiy xatarlarga qarshi birgalikda kurashishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Mudofaa va xavfsizlik tizimida asosiy omil qurolli kuchlar bo‘lib, ularning harbiy-siyosiy tayyorgarligi, harbiy xizmatchilarning zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi, har qanday tajovuzga tayyor turishi tinchlik-osoyishtalikning garovi hisoblanadi. Bu borada 14 yanvar kuni o‘ttizinchi marotaba o‘z bayramini nishonlayotgan O‘zbekiston Qurolli kuchlari tizimida olib borilayotgan islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda eʼtirof qozonmoqda. MDH va boshqa xalqaro tashkilotlar doiralarida o‘tkazilayotgan harbiy musobaqalarda O‘zbekiston Qurolli kuchlari jamoalarining muntazam g‘alabalarga erishayotganligi mamlakat yetakchisi va Oliy bosh qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan va izchil amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy samarasidir.

Darhaqiqat, harbiy xizmat mavqeini oshirish, chaqiruvga qadar yoshlar va harbiy xizmatchilarni maʼnaviy-maʼrifiy hamda harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha qardosh O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli ishlar tahsinga sazovor. Masalan, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etilishi ham ilmiy va maʼrifiy jihatdan katta voqea bo‘ldi, deb aytsak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Shubha yo‘qki, yangi akademik litseylarda sohibqiron Amir Temur davri tafsilotlaridan tortib jahon adabiyoti va tillarini o‘rgatishga qadar keng bilimlar berilishi bu o‘quv yurtlaridan maʼnan maʼrifatli, qalban pok va vatanparvar mutaxassislarning voyaga yetishini taʼminlaydi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar