O'zbekistondan xabarlar 2-qism

O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosarini qabul qildi

1707388
O'zbekistondan xabarlar 2-qism

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-sentyabr kuni ikki tomonlama hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlarini o‘tkazish doirasida mamlakatda bo‘lib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyevni qabul qildi.

Ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini yana-da kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar birodar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, ularni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Esenmirat Orazgeldiyev O‘zbekiston yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Shuningdek, shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha qo‘shma hukumatlarlaro komissiyalar yig‘ilishlarining asosiy natijalari to‘g‘risida maʼlumot berdi.

Davlat rahbari O‘zbekistonda o‘tkaziladigan sammitga puxta va har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish, eng avvalo, mazmunli kun tartibini shakllantirish, shuningdek, iqtisodiy kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish muhim ekanini taʼkidladi.

 

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

14 sentyabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyev bilan uchrashdi.

O’zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) manbasiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida tomonlar Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga bo‘lajak rasmiy tashrifiga tayyorgarlik masalalarini ko‘rib chiqdi hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

O‘tgan 4 yil mobaynida O‘zbekiston – Turkmaniston savdo aylanmasining hajmi 3 barobar oshgani alohida taʼkidlandi. Ushbu ijobiy dinamikaga qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot, farmatsevtika va to‘qimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari, neft mahsulotlari, elektr energiyasi hamda boshqa tovarlar yetkazib berishning o‘sishi evaziga erishildi.

Shu bilan birga, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va sanoat sohalarida hamkorlik qilish uchun muhim ishga solinmagan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar qo‘shma investitsiya loyihalarini ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini yuksaltirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ko‘rishga o‘zaro tayyor ekanliklarini bildirdilar. Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tashrifning iqtisodiy kun tartibini amaliy mazmun bilan to‘ldirishga imkon yaratadi.

Ikki mamlakat hududlarida avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika, tayyor to‘qimachilik va charm-poyabzal mahsulotlari, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning shart-sharoitlari belgilandi.

Shuningdek, neft va neft mahsulotlari, elektr energiyasi, kimyo mahsulotlari, polimer materiallar va mineral o‘g‘itlar yetkazib berishni ko‘paytirish orqali o‘zaro savdo hajmini oshirishga o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining hamkorligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarning dolzarbligi alohida taʼkidlandi. Oliy darajadagi tashrif arafasida O‘zbekiston – Turkmaniston biznes-forumini tashkil etish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarning amalda bajarilishi yuzasidan faol ish olib borishga sodiqligini bildirdi.

 

O‘zbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatdi

14 sentyabr kuni Afg‘onistonning Hayraton shahrida afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami topshirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan yuborilgan mazkur insonparvarlik yordami un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmon, kiyim-kechak va poyafzallardan iborat bo‘lib, bu o‘zbek xalqining birodar Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan xayrixohligining yana bir ifodasi bo‘ldi.

Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga bugungi sinovli davrda mamlakatga ko‘rsatilayotgan yuksak eʼtibori, qo‘llab-quvvatlashi va birdamligi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Alohida qayd etilganidek, Afg‘oniston xalqiga ko‘mak ko‘rsatish chaqiruviga O‘zbekiston rahbari birinchilardan bo‘lib eʼtibor qaratgani, uning siyosatini ko‘p millatli Afg‘oniston xalqi chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning namoyon bo‘lishi sifatida baholadi.

Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza insonparvarlik yordami o‘z vaqtida berilibgina qolmay, balki alohida ehtiyoj ekanini, bu esa o’zbek va afg’on xalqlari o‘rtasida asrlar osha davom etib kelayotgan tarixiy, madaniy va maʼnaviy aloqalarning yana bir tasdig‘i ekanini taʼkidladi.

Uning aytishicha, ushbu yordam aslida Afg‘onistonga pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga, shuningdek, mamlakatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qiladi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar