Turkiyaning Markaziy Osiyo respublikalari bilan harbiy – texnik munosabati a’lo darajada

Dasturimizning bugungi sonida Turkiya Respublikasi Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akarning, Markaziy Osiyo respublikalariga bo‘lgan tashrifi haqida so‘z qilamiz. (Yevroosiyo kun tartibi - 45)

1522559
Turkiyaning Markaziy Osiyo respublikalari bilan harbiy – texnik munosabati a’lo darajada

Turkiya Respublikasi Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar 2020 - yilning 25 - 28 oktabr kunlari amaliy tashrif bilan Pokiston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lib qaytdi.  Milliy Mudofaa vaziri Akar 26 - oktabr kuni Pokistondan Qozog‘istonga jo‘nab ketdi. U yerda hamkasbi Nurlan Yermekbayev tomonidan harbiy marosim bilan kutib olingan Akar, Nur – Sulton shahrida Qozog‘iston Bosh vaziri Asqar Mamin, Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri Beybut Atakulov va Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasi Bosh qo‘mondoni Ruslan Jaksilikov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlarda ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi. Eslatib o‘tamiz, Turkiya va Qozog‘iston 2018 - yili harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Mudofaa sohasidagi ikki mamlakat munosabatlari 1990 - yillarning boshidan beri davom etib kelmoqda.

27 – oktabr kuni Milliy Mudofaa vaziri Akar Qozog‘istondan O‘zbekistonga o‘tdi. Akarni poytaxt Toshkentda hamkasbi Baxodir Kurbanov rasmiy marosim bilan kutib oldi. O‘zaro va hay’atlararo uchrashuvlar ortidan Turkiya va O‘zbekiston Mudofaa vazirligi o‘rtasida Harbiy moliyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va Naqd pul yordami bo‘yicha tuzilgan protokolga qo‘l qo‘yildi. Akar shuningdek, O‘zbekiston Xavfsizlik Kengashi Bosh kotibi Viktor Mahmudov bilan ham uchrashdi. Tashrif yakunida Milliy Mudofaa vaziri Akar, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi.

Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akarning Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarga qaramay bu tashrifni uyushtirishi bir necha jihatdan alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘tgan yili O‘zbekiston Mudofaa vaziri Kurbanov Qozog‘iston Mudofaa vaziri Yermekbayev bilan bo‘lgan uchrashuvida ikki mamlakatning havo mudofaa tizimini Turkiya bilan birgalikda faollashtirishni taklif qilgandi. Shu nuqtai nazardan, Turkiyaning o‘zi ishlab chiqargan va uchoqqa qarshi foydalanuvchi qurollar, qurolli - qurolsiz uchuvchisiz havo vositalarining Markaziy Osiyo respublikalari tomonidan xarid qilib olinishi muhim o‘rin tutadi.

Turkiyaning harbiy tajriba, imkon va texnologiya jihatidan sharqdagi qardoshlari bilan bo‘lishadigan ko‘p mavzulari borligi ma’lum. Harbiy mashq, tajriba almashish va razvedka masalasi, mudofaa sanoati tarmog‘idagi hamkorligining orttirilishi, yangi avlod qurollarini ta’minlash, kiber xavfsizlik kabi tarmoqlardagi hamkorlik muhimdir. Shunday ekan bu sohadagi yaqin hamkorlikning davom ettirilishi barcha tomonlar uchun foydali.  

2019 – yilning 22 – 27 – apreli kuni O‘zbekistonda Turkiya va Pokiston askarlari ishtirokida “Sheriklik qalqoni – 2019” harbiy mashqi uyushtirildi. Bu mushtarak mashqning davom etishi aytilgandi. Akarning bu tashrifining Pokistondan boshlashining sababi, shu jihatdan o‘rinli.

Undan tashqari Turkiya Milliy Mudofaa vazirining Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarga tashrif uyushtirishi, Anqaraning ko‘p qirrali tashqi siyosati tushunchasiga ham mos kelmoqda.

Turkiyaning Markaziy Osiyo respublikalari bilan harbiy – texnik munosabatlari a’lo darajada. Bu munosabatlarni strategik saviyaga olib chiqish vaqti keldi. Turkiyaning Yaqin Sharq, Afrika va Kavkazdan keyin Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan mudofaa tarmog‘idagi hamkorligini yangi bosqichga chiqarish niyati; Anqaraning mintaqadagi kuchining orttirilishi, hamkorlari bilan hamkorligini mustahkamlash, qardoshlik qo‘lini uzatish jihatidan alohida o‘ringa ega.



Aloqador xabarlar