O'zbekistondan xabarlar 22-qism

Shavkat Mirziyoyev Rossiya mudofaa vazirini qabul qildi.

980596
O'zbekistondan xabarlar 22-qism

Shavkat Mirziyoyev Rossiya mudofaa vazirini qabul qildi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan xaftada mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguni qabul qildi.

Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mirziyoyev, mehmonni tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, O`zbekiston - Rossiya strategik hamkorligi va ittifoqchilik munosabatlarining izchil mustahkamlanib borayotgani hamda barcha yo`nalishlardagi o`zaro  manfaat li amaliy hamkorlikning jadal sur`atlarda rivojlanib borayotganidan mamnun ekanligini bildirdi.

Ikki mamlakatning idoralararo, hududlararo va ishbilarmon doiralari o`rtasidagi muloqot va almashuvlarning jadallashgani, iqtisodiyot va ijtimoiy sektorning turli sohalaridagi istiqbolli dastur va loyihalarning hamkorlikda amalga oshirilishi, madaniy - gumanitar sohadagi sermahsul hamkorlik alohida qayd etildi.

"Suhbat davomida O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi harbiy va harbiy - texnik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, xususan idoralararo uzviy hamkorlik, ikki tomonlama tadbirlar o`tkazish, harbiy mutaxassislar tayyorlash va boshqa masalalar ko`rib chiqildi",  deyiladi xabarda.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo`yicha fikr almashildi.

Sergey Shoygu O`zbekiston rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ezgu tilaklarini etkazdi.

O'zbekiston Qurolli Kuchlarini modernizatsiya qilish va mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash yo`lida olib borilayotgan keng miqyosdagi islohotlar qo`llab - quvvatlanishi bildirildi hamda O`zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta`minlash bo`yicha ilgari surayotgan tashabbuslariga yuqori baho berildi.

Uchrashuvda, Rossiya tomoni ikki mamlakat va xalqlari manfaatlari yo`lida O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi keng miqyosli va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga tayyor ekanligi ta`kidlandi.

O`zbekistonda jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 may kuni jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to`g`risidagi qarorni imzoladi.

Universitet ommaviy axborot vositalari sohasi uchun jurnalist kadrlar, shu jumladan, yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan xalqaro jurnalistlar hamda ilmiy - pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy - tadqiqot ishlarini olib borish, respublikada mediata`lim tizimini yaratish, soha xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, mazkur yo`nalishlarda ilmiy va o`quv - metodik materiallarni ishlab chiqish bo`yicha tayanch oliy ta`lim muassasasi hisoblanadi.

Universitetning tegishli ta`lim yo`nalishlari bo`yicha abiturientlarni oliy ta`lim muassasasiga o`qishga qabul qilish kirish test sinovlari va kasbiy imtihon yozma va suhbat shaklida o`tkazish orqali amalga oshiriladi.

Yangi o`quv yilidan boshlab Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti va O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida "jurnalistika" ta`lim yo`nalishi va uning negizidagi magistratura mutaxassisliklari, shu jumladan, "Oliy jurnalistika kurslari" bo`yicha qabul to`xtatiladi.

Ushbu ta`lim yo`nalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari bo`yicha ta`lim olayotgan talabalar o`qishni bitirgunlariga qadar mazkur oliy ta`lim muassasalarida o`qishini davom ettiradilar.

Bugungi kunda O`zbekistonda 1500 dan ziyod ommaviy axborot vositalari faoliyat ko`rsatmoqda.

Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi O`zbekiston bilan hamkorlikni muhokama qildi.

Yevropa Ittifoqi Kengashining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo`yicha Ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligida muzokara o`tkazdi.

Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, turli darajalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildi.

“Alohida e`tibor O`zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o`rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi Bitim, shuningdek, Evropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo`yicha yangi Strategiyasi loyihalarini ishlab chiqish masalalariga qaratildi”, - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

O`zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o`rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to`g`risidagi Bitim 1996 yilda imzolangan va 1999 yil 1 iyuldan kuchga kirgan.

Ma'lumki, Yevropa İttifoqining O`zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi 2012 yilda ochilgan. Yevropa Ittifoqining 2014 - 2020 yillarda O`zbekistonga beradigan moliyaviy yordami hajmi 168 million evro etib belgilangan. Bu mablag` sug`orish tizimini yaxshilash, qishloq xo`jaligida qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, hududlarda yangi ish o`rinlarini yaratishga yo`naltiriladi.

O`zbekiston - Ozarboyjon maslahatlashuvlari bo`lib o`tdi.

O'tgan xaftada Boku shahrida O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy - huquqiy bazasini inventarizatsiya qilish va takomillashtirish bo`yicha navbatdagi O`zbekiston - Ozarboyjon maslahatlashuvlarida ishtirok etdi.

Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Maslahatlashuvlarda Ozarboyjon tomonidan Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro huquq va shartnomalar boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari Rizvan Nabiyev rahbarligidagi delegatsiyasi qatnashdi.

Muzokaralar davomida ko`rib chiqilayotgan ikki tomonlama hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashildi va hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuvda mavjud salohiyatdan kengroq foydalanish va transport hamda tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, ikki davlat avtotashuvchilari uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini inobatga olgan holda tomonlar avtomobilda tashuvlar to`g`risidagi hukumatlararo bitim tuzishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar va uni imzolash masalasini bo`lajak ikki tomonlama tadbirlar doirasida amalga oshirishga kelishdilar.

         

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Xabarlar

Aloqador xabarlar