Turkiya tashqi siyosatiga nazar 7-qism

Dasturimizning bugungi sonida Rajap Tayyip Erdo’g’anning Vatikan ziyorati va uning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

910621
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 7-qism

         

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Rim papasi Fransiskning taklifiga binoan o’tgan hafta Vatikanda bo’ldi. Dasturimizning bugungi sonida Rajap Tayyip Erdo’g’anning Vatikan ziyorati va uning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’sirlari haqida bahs yuritamiz.

Vatikan va Katolik dunyosi bilan Turkiya o’rtasidagi munosabatlar to Fotih Sulton Mehmet Xon zamoniga borib taqaladi. Natijada, papalik Istanbulda doimiy vakil tayinlashga imkon berdi. 1959 yilda davrning Turkiya Respublikasi prezidenti Jalol Bayarning Vatikanga tashrifi va Papa XXIII-Jean bilan bo’lgan uchrashuvidan so’ng, 1960 yil 11 aprel kuni diplomatik munosabatlar tashkil topdi.

So’ngra, o’zaro elchixonalar faoliyati yo’lga qo’yildi. Turkiyaning Vatikandagi elchixonasi 1962 yilda o’z faoliyatini rasman boshladi. Turkiyaga dastlab 1967 yilda Rim papasi VI- Paul tashrif buyurdi. 1979 yilda Papa II-Jean Paul, 2006 yilda XVI-Benedikt va 2014 yilda esa Papa Fransisk davlat tashrifi bilan Turkiyaga keldi.

Aytib o’tganimizdek, Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an o’tgan hafta Rim papasi Fransiskning taklifiga binoan Vatikan va Rimda bo’ldi. Erdo’g’an Vatikandagi uchrashuv va muzokaralar bilan bir qatorda, Italiya prezidenti Mattarella, bosh vazir Gentiloni bilan uchrashdi. Bo’lib o’tgan uchrashuvda Turkiya-Italiya munosabatlari muhokama qilindi.

Prezident Erdo’g’anning Papa bilan bo’lgan uchrashuvida, Turkiya-Vatikan munosabatlari, Al-Quds bilan bog’liq o’zgarishlar, mintaqaviy muammolar, Suriyada ro’y berayotgan gumanitar inqiroz, terrorizm, islomofobiyaga qarshi kurash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Erdo’g’an bilan Papa uchrashuvda BMT qarorlari va xalqaro huquq tomonidan belgilangan Al-Quds maqomini saqlab qolish kerakligini tilga oldilar.

Aslida, Erdo’g’anning Vatikanga tashrifi ramziy ma’no kasb etadi. Chunki, 59 yil oradan so’ng, bir Turkiya Respublikasi prezidenti davlat tashrifi bilan Vatikanga keldi. Qolaversa, Katolik dunyosining ruhoniy yetakchisi Papa bilan Islom hamkorlik tashkilotiga rahbarlik vazifasini zimmasiga olgan Erdo’g’an bu fursatdan foydalanib, Al-Qudsning vaziyatini yana bir bor jahon kun tartibiga olib chiqdi.

Eslatib o’tish joizki, AQSh prezidenti Donald Tramp 2017 yil 6 dekabr kuni Al-Qudsni Isroil poytaxti deb e’lon qildi. Bu qarorga birinchilardan bo’lib Erdo’g’an qarshi chiqdi. Bu jarayonda, Erdo’g’an ko’plab davlat rahbarlari bilan uchrashdi. Qolaversa Rim Papasi Fransisk bilan ikki marta muloqot o’tkazdi.

Papa Fransisk Al-Quds uchala din uchun ham muqaddas ekanligini tilga olar ekan, ayni paytda BMT qarorlarida belgilangan Al-Quds maqomiga hurmat ko’rsatishga chaqirdi.

Umumiy kengash yig’ilishida ovozga qo’yilganda AQShning bir o’zi yakkalanib qolishida mushtarak va haqqoniy e’tirozlarning ta’siri katta desak mubolag’a bo’lmaydi. AQShning bu qaroriga qaramay, Vatikan va Yevropa Ittifoqining Al-Quds masalasi bo’yicha ko’rsatgan munosabati islom dunyosi bilan g’arb dunyosi o’rtasidagi keskinlikni oldini oldi deyish mumkin. Erdo’g’an AQShni qattiq tanqid qilar ekan, bir tomondan Yevropa va hristian olamining ham Al-Quds qaroriga bo’lgan noroziligini tilga olishga muvaffaq bo’ldi.

Rim papasi Fransisk lavozimga tayinlangandan beri har doim ko’zimizda samimiy, iliq munosabatda bo’lgan, ochiqso’z yetakchi ro’lini o’ynadi. Vatikanning Al-Quds masalasiga nisbatan munosabati islom dunyosida ijobiy baholandi. Bu munosabat musulmonlar bilan katolikni bir-biriga yaqinlashtirdi. Bu aslida taajjublanarli holat emas. Zero, Al-Quds katoliklar uchun ham muqaddas dargohlardan biridir. Shu sababli, AQSh bilan Isroilning bir tomonlama qarorini qabul qilish mumkin emas.

Erdo’g’anning Vatikan ziyorati Turkiya-Yevropa Ittifoqi munosabatlari va terrorizmga qarshi kurash jihatidan ham juda muhim. Papa Fransisk 2017 yilning mart oyida Yevropa Ittifoqi yetakchilari ishtirokidagi yig’ilishda “Yevropa Ittifoqi o’zini ko’zdan kechirishi, 60 yillik davrdan qolgan xatolarini tuzatishi kerakligi” haqida gapirgan edi.

Transatlantika ittifoqidagi kelishmovchilik avj olgan bir paytda Yevropaning barqarorlik, xavfsizlik va migratsiya mavzularida Turkiya bilan yaqin hamkorlik qilishga ehtiyoji bor. Vaholanki, ichki muammolarini hal qilishga qiynalgan Yevropa Ittifoqi Suriya va Iroqdagi inqirozlarga to’g’ridan aralasha olmadi.

Aslida, Yaqin sharqdagi keskinlikdan ta’sirlangan Yevropa Turkiya bilan mushtarak zamin yaratib, mintaqa muvozanatida faol ro’l o’ynashi mumkin. Qolaversa, terror tashkiloti PKK va YPGga qarshi kurashda Turkiyani qo’llab quvvatlashi Yevropa Ittifoqi-Turkiya yaqinlashuvini qulaylashtirishi mumkin.

Erdo’g’an-Papa uchrashuvida ta’minlangan Al-Quds bo’yicha hamfikrlik Yevropaning voqealarga befarqligini oldini olishi mumkin. Qolaversa, Turkiya bilan munosabatlarni rivojlantirish uchun ramziy qadam bo’lishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, bu ziyorat Turkiya Respublikasi va prezident Erdo’g’anning tinchlik, xavfsizlik va do’stlik ruhida hamjihatlikda faoliyat olib borish umidini ro’yobga chiqarmoqda.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.



Aloqador xabarlar