Tafakkur gulshani 77-qism

Gaziosmanpasha Universiteti rektori Prof.Dr Mustafa Shahin bilan suhbat...

308279
Tafakkur gulshani 77-qism



“Minglab km uzoqqa sayohat qilish ham birgina qadam bilan boshlanadi”
Dasturimizning bugungi sonini Xitoy afsonalariga ko’ra, meloddan avvalgi 6-asrda yashab o’tgan taniqli filosof Lao-Tzuning so’zlari bilan boshladik. Ba’zi manbalarga ko’ra, uning asl nomi Li Tan yoki Lao Tan bo’lgan. Lao Tzu unga berilgan laqab bo’lib, “Keksa donishmand” ma’nosini bildiradi.
Biz ham keksa donishmandning so’zlariga amal qilgan holda hayotda sizga yo’l ko’rsatish uchun ilm dargohlari haqida ma’lumot berishni davom etamiz.
O’tgan dasturimizda sizlar bilan birga 5000 yillik tarixga ega bo’lgan Tokat shahriga sayohat qilgan edik. So’ngra, Tokatda joylashgan Gaziosmanpasha Davlat Universiteti haqida ma’lumot bera boshlagan edik. Qolaversa, Gaziosmanpasha Universiteti rektori Prof.Dr Mustafa Shahin bilan suhbat o’tkazgan edik. Suhbatimizni qolgan joyidan davom ettiramiz.

“Gaziosmanpasha Universitetida xorijlik talabalarga qanday imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratib berilgan?” degan savolimizga rektor shunday javob berdi:
Xorijlik talabalarimizga avvalo bu yerda tegishli tashkilotlardan yashash uchun ruxsat olish, yotoqxona ta’minlash kabi dastlabki asosiy ehtiyojlarida TOMER til markazi xodimlari tomonidan yo’l ko’rsatiladi. Universitetimizda yangi o’quv yilining ilk haftasi talabalarimiz uchun tanituv dasturi tashkil qilinadi va universitetning har bir bo’limi, fakultetlari, undagi imkoniyatlar keng tanitiladi. Ma’lum sonda xorijlik talabaga bepul ovqatlanish imkoni beriladi va ayni paytda ommaviy transport vositalaridan bepul foydalanish haqqi beriladi. Xohlagan barcha xorijlik talabalarga esa, turkcha tayyorgarlik kurslari ochilib, haftada 24 soat bepul turkcha o’rgatiladi.
Universitetimizda xalqaro standartlarga mos ravishda Yevropa tillari mushtarak matniga ko’rsatilganidek, A1, A2, B1, B2 va C1 darajasida turkcha ta’lim berilmoqda.
Xorijlik talabalarimizning mahalliy turk talabalar bilan do’stlashishini ta’minlagan, darsdan tashqari bo’sh paytlarini ijtimoiy, madaniy, san’at faoliyatlari bilan unumli o’tkazishi uchun bir qator imkoniyatlar yaratgan Xorijlik talaba klubi faoliyat ko’rsatmoqda. Har yili xorijlik talabalar ishtirokida turli marosimlar, sayllar o’tkaziladi. Xorijlik talabalar festivallarda o’z madaniyatini, milliy taomlarini, urf-odatlarini, milliy liboslarini namoyish qiladilar. Ma’lum bo’lganidek, Turkiya ta’lim sohasida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Mamlakatimizda universitet soni va ta’lim sifatining ortishi bilan birga turk universitetlari xalqaro maydonda kundan kunga o’z o’rnini topmoqda. Turkiyaning turli millat va madaniyatdan bo’lgan insonlarga iliq munosabatda bo’lishi ham xorijliklarni Turkiyaga jalb qilgan omil hisoblanadi. Turk universitetlari tezkor rivojlanib borayotgan bir paytda Gaziosmanpasha Universiteti akademik faoliyat jihatidan ilg’or universitetlardan biridir”-deydi janob rektor.


Sizningcha xorijlik yoshlarning Tokatga kelish sababi nimada deb o’ylaysiz? degan savolimizga u shunday javob berdi:
“Tokat madaniyatlar markazi bo’lgan Anadoluda, boy tabiiy manbalari, geostrategik joylashuvi sababli tarixda turli davlatlarning, xonliklarning va imperatorliklarning hayotiga guvoh bo’lgan. O’rta Qoradengiz tog’laridan janubga va Anadoluning ichki hududlariga tomon tarqalgan keng yaylovlari, adirlari, vohalari, bog’ va bog’chalar ichidan oqib o’tgan daryolari bilan dunyoda tengi yo’q jannatmakon shaharlardan biridir. Tokat xorijlik yoshlarning tinch-totuv yashay oladigan shaharlardan biridir. Transport imkoniyatining qulayligi, oziq-ovqatning arzonligi jihatidan ham talabalarga yoqishi mumkin.
Tokat tinch, osuda, sokin va talaba byudjetiga to’g’ri kelgan shahar bo’lgani uchun xorijlik talabalarni o’ziga jalb qiladi”-deydi Gaziosmanpasha universiteti rektori.


Gaziosmanpasha Universitetining xorijlik yoshlarni o’ziga jalb qilgan xususiyati nimada deb o’ylaysiz? degan savolimizga esa, rektor shunday javob berdi.
“Biz xalqaro maydonda o’z o’rnimizni topishni maqsad qilganmiz. Ya’ni universitetimizda asperantura va doktorantura tahsilini olgan xorijlik talaba soni ortib bormoqda. Ularga o’z madaniyatimizni tanitishni istaymiz. Qolaversa, ularning ham urf-odatlari, qadriyatlari haqida ma’lumotga ega bo’lishni istaymiz”-deydi rektor janoblari.

Dasturimiz poyoniga yetar ekan, Gaziosmanpasha universiteti rektori Prof.Dr Mustafa Shahin mahalliy va xorijlik yoshlarni universitetga taklif qilish maqsadida quyidagilarni tilga oldi:
“Hayotining katta qismida mustahkam va kuchli qadamlar bilan ildamlashni istagan butun yoshlarni Anadoluning osuda, tinch shahri bo’lmish Tokatda va Gaziosmanpasha universitetida kutib qolamiz”-deydi universitet rektori Prof.Dr Mustafa Shahin.



Tanlangan kalimalar:

Aloqador xabarlar