Toshkent haftanomasi 76- qism

Toshkent haftanomasi 76- qism

306378
Toshkent haftanomasi 76- qism

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun 11 iyun kuni rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga keldi.
Ko`ksaroy qarorgohida 12 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Munning uchrashuvi bo`ldi.
-O`zbekistonda Sizni ko`p yillardan buyon xalqaro xavfsizlikni ta`minlash, yadrosiz dunyo g`oyasini ilgari surish, barqaror taraqqiyotning insoniyat uchun dolzarb vazifalarini, shuningdek, ekologik, ijtimoiy va gumanitar xususiyatga ega ko`plab muhim global muammolarni hal etish bo`yicha samarali faoliyat yuritayotgan, jahon hamjamiyatida yuksak obro` va e`tirofga sazovor bo`lgan taniqli siyosiy arbob sifatida yaxshi biladi, – dedi Islom Karimov suhbat chog'ida.
İslom Karimov, Pan Gi Munning Markaziy Osiyo, jumladan, O`zbekistonga BMT rahbari sifatida bu galgi tashrifi mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyat bilan bevosita tanishish va barchani tashvishga solayotgan dolzarb muammolar yuzasidan batafsil fikr almashish uchun ajoyib imkoniyat ekanligini takidlar ekan, dunyodagi ahvol tobora chigallashib borayotgan sharoitda, Birlashgan Millatlar Tashkilotini global xavfsizlik va barqarorlikni saqlash bo`yicha yagona universal xalqaro tashkilot, ko`plab murakkab davlatlararo va xalqaro muammolarni hal etadigan noyob tuzilma, deb bilishini aytib o'tdi.
O'z navbatida Pan Gi Mun xam, O`zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish, qonun ustuvorligini ta`minlash, inson huquqlari, onalik va bolalikni himoya qilish, ta`lim tizimini takomillashtirishda ulkan yutuqlarni qo`lga kiritganligini aytar ekan, ushbu muvaffaqiyatlar barqaror va inson manfaatlariga yo`naltirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samarasi ekanligini malum qildi.
Bosh kotib Birlashgan Millatlar Tashkiloti O`zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.
İslom Karimov Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasiga raislik qilayotgan O`zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilingan “Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo`yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi”ni shaxsan qo`llab-quvvatlagani uchun Pan Gi Munga minnatdorlik bildirdi.
Pan Gi Mun O`zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko`p tomonlama muhokamalarda faol ishtirok etayotganini, mintaqaviy hamda global masalalarni hal etishga hissa qo`shayotganini alohida qayd etdi. Xususan, O`zbekistonning Afg`onistonda barqarorlikni ta`minlash va rivojlanishiga qo`shayotgan hissasini yuksak baholadi.
BMT Bosh kotibi Afg`onistonga qo`shni va do`st mamlakat sifatida O`zbekiston ushbu maqsadlarga erishish uchun keng ko`lamli yordam ko`rsatayotganini alohida e`tirof etdi.
Muzokaralar chog`ida tomonlar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega keng ko`lamli masalalarni muhokama etib, O`zbekistonning BMT va uning ixtisoslashtirilgan institut hamda agentliklari bilan hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini belgilab oldi.
Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikni saqlash hamda mustahkamlash masalalari, Afg`oniston muammolari ham atroflicha muhokama etildi.
Tomonlar Afg`oniston muammosini hal etishning yagona yo`li – siyosiy muzokaralar olib borish, ichki kelishuvlarga erishish, buning uchun qulay xalqaro muhit yaratish, moliyaviy va insonparvarlik yordami ko`rsatishni davom ettirish, bu borada BMTning faol ishtirok etishidan iborat ekanini ta`kidladi.
Islom Karimov O`zbekiston BMT va uning institutlari bilan izchil hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Ushbu tashkilot bilan samarali hamkorlikni, jumladan, shu yilning oxirigacha Mingyillik rivojlanish maqsadlariga va Bosh Assambleyaning navbatdagi yig`ilishida qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo`yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta`kidladi.
Pan Gi Mun BMTning O`zbekiston bilan hamkorligi yanada samarali bo`lishiga ishonch bildirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun shu kuni Buxoroga tashrif buyurdi va shaharning tarixiy obidalari, zamonaviy inshootlari bilan tanishdi.
O`zbekiston delegatsiyasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) Konferentsiyasining Rimda bo`lib o`tgan 39-sessiyasi doirasida tashkilot bosh direktori Joze Gratsianu da Silva bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog`ida 2014 yilning iyunida FAOning Toshkentdagi vakolatxonasi ochilgani ikki tomonlama hamkorlikning muhim bo`g`ini bo`lgani alohida qayd etildi.
FAO bosh direktori da Silva, vakolatxonaning to`laqonli va samarali faoliyat yuritishi uchun O`zbekiston hukumati tomonidan ko`rsatilayotgan e`tiborni yuksak baholadi.
Da Silva, O`zbekistonning yaqinda FAOning chigirtkaga qarshi kurash, fitosanitariya nazorati va er resurslarini barqaror boshqarish bo`yicha to`rtta subregional va hududiy loyihalariga qo`shilganligini alohida qayd etib, tashkilotning qishloq xo`jalik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qurg`oqchilikka moyil va sho`rlangan hududlarda erni barqaror boshqarish va cho`l, tog` va vodiy hududlarida o`rmon xo`jaligidan barqaror foydalanish bo`yicha O`zbekistonni bundan keyin ham qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv chog`ida texnologiyalarni taqdim etish va imkoniyatlarni oshirish yo`li bilan O`zbekistonda oilaviy fermerlikni qo`llab-quvvatlash sohasidagi qo`shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari qayd etildi.

O`zbekiston Prezidenti Xalqaro olimpiya qo`mitasi medali va Osiyo olimpiya kengashi mukofotini qabul qilib oldi.
O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov 15 iyun kuni Oqsaroyda Xalqaro olimpiya qo`mitasi prezidenti Tomas Bax va Osiyo milliy olimpiya qo`mitalari assotsiatsiyasi va Osiyo olimpiya kengashi prezidenti Shayx Ahmad al-Fahad al-Sabohni qabul qildi.
Bu haqda O'zbekiston Axborot agentligi xabar berdi.
Islom Karimov mehmonlarni mamlakatga tashrifi bilan qutlar ekan, O`zbekiston bilan Xalqaro olimpiya qo`mitasi va Osiyo olimpiya kengashi o`rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta`kidladi.
Xalqaro olimpiya qo`mitasi prezidenti Tomas Bax tinchlik-osoyishtalik, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot, ta`lim va yoshlar masalasiga e`tibor sport rivojida muhim ahamiyat kasb etishini, ana shunday muhit va sharoit tufayli O`zbekistonda sport jadal rivojlanib borayotganini alohida qayd qildi.
Uchrashuvda O`zbekistonda jismoniy tarbiya va sportning tashkiliy asoslari takomillashtirilgani, jismoniy-sog`lomlashtirish mashg`ulotlari aholi o`rtasida keng ommalashgani, sohani moliyalashtirish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish tizimi yuksalgani, moddiy-texnik baza mustahkamlangani e`tirof etildi.
Uchrashuvda O`zbekiston Prezidentiga sportni va olimpiya harakatini rivojlantirishdagi buyuk xizmatlari uchun Xalqaro olimpiya qo`mitasining medali, shuningdek, O`zbekistonda va Osiyoda futbolni rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissasi uchun Osiyo olimpiya kengashining mukofoti topshirildi.
O`zbekiston va Xitoy o`rtasida siyosiy maslahatlashuv o`tkazildi.
Shu yilning 14-iyun kuni Jichjao shahrida O'zbekiston va Xitoy Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 13-raundi bo'lib o'tdi.
Xitoy tomonidan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Chen Gopin boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama aloqalarning hozirgi holati va istiqbollari hamda 2013-yilning sentabr oyida O'zbekistonda va 2014-yilning may oyida Xitoyda bo'lib o'tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Uchrashuvda muntazamlik kasb etgan O'zbekiston-Xitoy siyosiy muloqoti hamkorlikning barcha sohalarida ikki davlat o'rtasidagi strategik sherikchilikning serqirra munosabatlarini izchillik bilan rivojlantirishga va mustahkamlashga zamin yaratishi qayd etildi.
O'zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifining ikkinchi kuni Jichjao shahrida O'zbekiston-Xitoy hukumatlararo hamkorlik bo'yicha qo'mitasining 3-majlisi va O'zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbirlarda savdo-iqtisodiy, moliya va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida madaniy-gumanitar va ta'lim sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishning ustuvor yo'nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik masalalari hamda global va mintaqaviy muammolar ko'rib chiqildi.
Yangi Zelandiyada bo'lib o'tayotgan yoshlar o`rtasidagi futbol bo'yicha Jahon Chempionatida baxslarida O'zbekiston yoshlar jamoasi munosib ishtirok etdi.
Jahon Chempionati baxslarida bir qator kuchli komandalarni ortda qoldigan O'zbekiston yoshlar jamoasi chorak finalga qadar yetib bordi.
Jahon Chempionati guruh bosqichida "F" guruhidan o'rin olgan Ravshan Xaydarov shogirdlari gurux bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib o'z guruxida ikkinchi o'rinni egalladi va nimchorak final yo'l oldi.
Yoshlar o`rtasida jahon chempionatining nimchorak finalida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Avstriyani 2:0 hisobida mag`lub etib, chorak finalga chiqdi.
Yoshlar o`rtasida jahon chempionatining chorak finalida esa Senagal yoshlar terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan O'zbekistonlik yoshlar, 1-0 xisobida mag'lub bolishdi.
Ushbu mag'lubiyatga qaramasdan, Yangi Zelandiyada bo'lib o'tayotgan yoshlar o`rtasidagi futbol bo`yicha Jahon Chempionatida munosib ishtirok etgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi dunyoning eng kuchli 8 jamoasi orasidan o'rin oldi.

 


Tanlangan kalimalar:

Aloqador xabarlar