Toshkent haftanomasi 74-qism

Toshkent haftanomasi 74-qism

291631
Toshkent haftanomasi 74-qism

O'zbekiston 2017 yili Orol dengizida uglevodorodlar qazib olishni boshlaydi.
O`zbekistonda 2017 yildan boshlab, Orol akvatoriyasining o`ziga qarashli qismida uglevodorod manbalari razvedkasini boshlaydi.
Bu prezident qarori bilan tasdiqlangan 2015-2019 yillarda struktur o`zgarishlar, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo`yicha chora-tadbirlar dasturida ko`zda tutilgan.
Loyihaning taxminiy qiymati 300 million dollarga baholanmoqda.
Mazkur dastur, 2017-2031 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha “O`zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Rossiyaning LUKOyl va Xitoyning CNPC kompaniyalaridan iborat xalqaro konsortsium tomonidan amalga oshiriladi.
Ma'lumki, 2011 yili ochilgan G`arbiy Orol konidagi tabiiy gaz zaxiralari 11 milliard metrkubga teng deb baholangan.
Qoraqalpog`istonda Jahon Bankining 376 million dollarlik loyihasi amalga oshiriladi.
2016-2021 yillarda Qoraqalpog`iston Respublikasida Bo`ston magistral kanali quriladi. Uning uzunligi 70 kilometr bo`lib, sekundiga 105 kubometr suv o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Shuningdek, “Janubiy Qoraqalpog`istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida Jahon Banki tomonidan ajratilgan imtiyozli kreditlar vositasida Tuyamo`yin kanalining 31 kilometrlik uchastkasi, Paxtaarna kanalining 27 kilometrlik uchastkasi qayta tiklanadi va mazkur kanallardagi gidrotexnik inshootlar ta`mirdan chiqariladi.
Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 376 million dollarni tashkil qiladi.
Ta`kidlanishicha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijsasida, 544 dona nasos agregatlarining to`xtatilishi hisobiga yiliga 14 milliard 530 million so`m tejab qolinishiga yordam beradi.

Toshkent va Minsk oralig`idagi yangi reyslar 2 iyul kunidan boshlanadi.
“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi Toshkent-Minsk-Toshkent yo`nalishi bo`yicha yangi qatnovni shu yilning 2 iyulidan ochishni rejalashtirmoqda.
Belarus respublikasi poytaxtiga qatnovlar yangi A320 aerobuslarida haftada ikki marta, seshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi ma'lum qilishicha, o'ziga xos nodir diqqatga sazovor joylari va tabiat yodgorliklariga boy Belarusga sayohat qilmoqchi bo`lgan, shuningdek Minskka ish yuzasidan tashrif buyuradiganlar uchun ham yangi qatnov katta qiziqish uyg`otishi kutilmoqda.
Ta`kidlanishicha, bahorgi-yozgi mavsumning yangiligi bo`lgan muntazam Toshkent-Minsk-Toshkent qatnovi mutaxassislar mo`ljallayotganidek o`z yo`lovchilariga ega bo`ladi.
O`zbekiston moliya vazirligida Turkiya moliya vazirligi, g`aznachiligi va ijtimoiy himoya xizmati vakillari delegatsiyasi bilan uchrashuv o`tkazildi.
O`zbekiston moliya vazirligida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) vakolatxonasi xamkorligida tashkil qilingan tadbirda, Turkiya moliya vazirligi, g`aznachiligi va ijtimoiy himoya xizmati vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda TIKA'ning O'zbekistondagi Vakili Sulaymon Kızıltoprak, Byudjet va moliyaviy nazorat boshqarmasi vakili Ali Yıldırım Eker, Davlat Moliyalashtirish va G'aznachilik Boshqarmasi raxbari Ilyas Tufan, G'aznachilik xodimlar bilan aloqalar Boshqarmasi Boshlig'i Yalchin Ay, Aholini ijtimoiy muhofaza qilish qo'mitasi Evropa Ittifoqi davlatlari va xalqaro munosabatlar boshqarmasi vakili Umut Kojataş, Turkiya Moliya vazirligi Buxgalteriya hisobi departamenti vakillari O'mer Dag' va Mehmet Galip Aksoy qatnashdi.
Uchrashuvda Turkiya islohotlar bo`yicha moliya tizimi standartlariga muvofiq O`zbekiston moliya sohasi ishchilarining malakasini oshirish uchun o`quv kurslari tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, Turkiya byudjet va g`aznachilik tizimlarida olib borilayotgan islohotlar, byudjet tizimi va fiskal siyosatning yuritilishi borasida fikr almashildi. Moliya sohasidagi hamkorlik, jumladan, o`quv kurslarining tashkil qilinishi har ikki tomonga ham foyda keltirilishi ta`kidlab o`tildi.
Dorbozlik san`ati UNESCO'ning madaniy merosi ro`yxatiga kiritilishi mumkin.
O`zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi huzuridagi Respublika xalq ijodiyoti va madaniy-ma`rifiy ishlar ilmiy-metodik markazi dorbozlik san`atini UNESCO'ning Nomoddiy madaniy merosi ro`yxatiga kiritish taklifi bilan ariza topshirdi.
Taklif arizasi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo`yicha hukumatlararo qo`mitasi tomonidan 2015 yilning noyabr oyida ko`rib chiqiladi.
Ma`lumki, dorbozlik, dor o`yin, baland dor ustida tomosha ko`rsatish san`ati, tsirk san`ati janri xisoblanib, unda dor ustida har qanday noturg`un holatda ham gavda muvozanatini saqlash mahorati namoyish etiladi.
O`zbekistonda dorbozlik qadim tarixga ega bo'lib, ba`zi manbalar Amir Temur saroyida dor o`yinlari ko`rsatilganini tasdiqlaydi.
O`zbek dorbozlari 25-30 metr balandliqdagi ustunlarga qiya qilib tortiladigan arqon ustida langar-cho`p bilan bog`ladigan o`yinlarni: yugurish, sakrash, oyoqlarga pichoq yoki patnis bog`lab, shuningdek, ko`zni bog`lab, boshga xalta yoki qozon kiyib yurish, yakka va qo`sh chig`iriqda o`ynash kabi turli-tuman mashqlarni bajargan.

O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov, 28-29 May kuni davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo'ldi.
28 may kuni O`zbekiston rahbari Islom Karimov va Koreya Respublikasi prezidenti Pak Kin Xe bilan muzokaralar o`tkazdi.
Islom Karimov bilan Pak Kin Xening tor doiradagi muzokarasida o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishning uzoq istiqbolga mo`ljallangan ustuvor yo`nalishlari, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Islom Karimov O`zbekiston uchun Koreya Respublikasi vaqt sinovidan o`tgan ishonchli strategik sherik ekanini, ochiqlik, o`zaro anglashuv va manfaatlarga hurmat asosida qaror topgan hamkorlikni yuksak qadrlashini alohida ta`kidladi. janubiy Koreya yuksak darajada rivojlangan, ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat sifatida dunyoda e`tibor qozonganini qayd etdi.
Pak Kin Xe Islom Karimov O`zbekiston Prezidenti etib qayta saylanganidan keyin davlat tashrifi bilan birinchi bo`lib janubiy Koreyaga kelgani ushbu mamlakat xalqi uchun quvonchli voqea, tomonlarning oliy darajadagi an`anaviy muloqotlarni davom ettirish va yanada rivojlantirishga qat`iy intilishi ifodasi bo`lganini alohida ta`kidladi.
Uchrashuv chog'ida, prezidentlar o`zaro hamkorlikning bugungi holatiga munosib baho berilgan va istiqboldagi ustuvor yo`nalishlari belgilangan Qo`shma deklaratsiyani imzoladi.
Davlat rahbarlari ishtirokida yirik investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish, ishlab chiqarish texnologiyalarini rivojlantirish, tabiiy gazdan olefin ishlab chiqarish, ta`lim tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, vazirliklar va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga doir qator hujjatlar qabul qilindi.
Prezident Islom Karimovning tashrifi doirasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy va boshqa sohalarga oid umumiy qiymati qariyb 7,7 milliard AQSh dollariga teng 60 hujjat xam imzolandi.
O`zbekiston prezidenti Janubiy Koreyaning bir qator etakchi kompaniyalari rahbarlari bilan ham uchrashib, hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Islom Karimovning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida, shuningdek Seul shahrida O`zbekiston-Koreya biznes forumi bo`lib o`tdi. Savdo, sanoat va energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan forum ishida Koreya tomonidan 300dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan Koreya hukumati, savdo, sanoat va energetika, tashqi ishlar, kommunikatsiyalar, infratuzilma, qurilish va transport, qishloq xo`jaligi va mintaqaviy taraqqiyot vazirliklari rahbarlari ishtirok etishdi.

İslom Xamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasi O`zbekistonda o`tkaziladi.
O`zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 27-28 may kunlari Al-Quvayt shahrida Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 42-sessiyasida ishtirok etdi.
İslom Xamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdilar, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo`nalishlarini muhokama qildilar, İslom Xakmorlik Tashkiloti faoliyatiga oid masalalarni ko`rib chiqdilar.
İslom Xamkorlik Tashkilotiga a`zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashida ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari, qator xalqaro va milliy moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yalpi majlisda O`zbekiston tomoni taklifiga ko`ra İslom Xamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2016 yildagi navbatdagi sessiyasini O`zbekistonda o`tkazish to`g`risida qaror qabul qilindi.

 


Tanlangan kalimalar:

Aloqador xabarlar