Erdo'g'an:"Suv resurslari mojarolar manbaiga aylanmoqda"

Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Istanbulda bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi ekotizimlari yig‘ilishi ishtirokchilari oldida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

2141837
Erdo'g'an:"Suv resurslari mojarolar manbaiga aylanmoqda"

 

Suv resurslari bo‘yicha kelishmovchiliklar dunyo bo‘ylab ko‘plab keskin vaziyatlarning negizida yotadi.

Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Istanbulda bo‘lib o‘tgan qishloq xo‘jaligi ekotizimlari yig‘ilishi ishtirokchilari oldida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday jarayonlar Osiyo, Amerika, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida kuzatilmoqda.

“Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari tufayli suv manbalari va suv omborlari to‘qnashuv zonasiga aylanib bormoqda”, - deydi Turkiya rahbari.

Prezident global oziq-ovqat inqirozining oldini olishda Turkiyaning hissasini ham qayd etdi.

“Turkiyaning sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilgan Qora dengiz tashabbusi tufayli, birinchi navbatda, Afrikaning ko‘plab mintaqalarida ocharchilikning oldini olish mumkin bo‘ldi. Xavf bilan yuzma-yuz kelganda, o‘n minglab odamlar halok bo‘lishi mumkin edi”, degan u.

Erdo‘g‘an Turkiya COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush sharoitida 33 million tonna g‘allaning o‘z bo‘g‘ozlaridan o‘tishini ta’minlab, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaganini ta’kidladi.

Turkiya Prezidenti o‘z nutqida G‘arb davlatlarining mustamlakachilik o‘tmishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Neft, oltin, olmos va boshqa yerosti boyliklari uchun qon to‘kilgan. Bir tomchi qondan bir tomchi neftni qimmatroq, deb bilgan mustamlakachilar hukmronlik qilish uchun har qanday yo‘lni ishga solgan. Ular minglab kilometr uzoqlikda joylashgan mamlakatlarga bostirib kirdi. Ular o‘z ixtiyoridagi barcha vositalardan foydalanib, vertolyotda Afrika qora o‘g‘illarining boyliklarini, olmos va oltinlarini Yevropaga olib ketdi. Ular xalqni o‘z ona yurtlaridan quvib chiqardi, to‘qnashuvlar va fuqarolar urushlarini boshladi, qonli diktatorlarni qo‘llab-quvvatladi, davlat to‘ntarishlari uyushtirdi, qotillik va qirg‘inlar qildi. Ular mahalliy aholini iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy jihatdan o‘zlariga to‘la qaram qilib, ichkilik va giyohvandlikka ruju qo‘yishdi. Ular o‘z farovonligini mazlumlardan o‘g‘irlangan boyliklarga qurdi. Bizga Kongo, Jazoir, Keniya, Somali, Janubiy Afrika, Namibiya, Nigeriya va boshqa ko‘plab Afrika mamlakatlarida inson huquqlari haqida ma’ruzalar o‘qiyotgan G‘arb davlatlarining harakatlaridan yaxshi xabardormiz”, deydi u.

Turkiya rahbari Yevropaning ayni markazida “muzeylar” niqobi ostida haqiqatda hayvonot bog‘lari tashkil etilganini, ularda qit’aning tub aholisi Afrikadan olib kelinib, “ko‘rgazma” qilinganini eslatdi.

“Birgina Kongoda zo‘ravonlik, ocharchilik va kasalliklar oqibatida 10 million kishi halok bo‘ldi. Bularning barchasi va yana ko‘p narsalar yer osti va yer usti boyliklarini nazorat qilish uchun qilingan", deydi Prezident Erdo‘g‘an.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning rivojlangan davlatlari Afrikada qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish huquqi uchun keng ko‘lamli “poyga”ni boshlab yuborgan.


Tanlangan kalimalar: #Erdo'g'an , #Turkiya

Aloqador xabarlar