Saudiya Arabistoni O'zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilmoqchi

Quvayt kompaniyalari Farg'ona viloyatida misni qayta ishlash va elektr kabellari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

2136928
Saudiya Arabistoni O'zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilmoqchi

 

Saudiya Arabistoni 100 ming nafargacha O'zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyaning Quvayt va Saudiya Arabistoniga amaliy tashrifi davomida Jiddada “Bahra Electrics” kompaniyasi rahbari Fahed Talal Idris bilan uchrashuv o‘tkazilib, Farg‘onada ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Uchrashuvda “Bahra Electrics” hamda “Energy Solutions” kompaniyalari bilan viloyat hududida misni chuqur qayta ishlash hamda elektr kabellari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi. Loyihalarni amalga oshirishga qo‘shma ishchi guruh tuziladi.

Saudiya Arabistonining “Vision Ambassadors” kompaniyasi hamta’sischisi Osama Kokandiy, “Sodiq At-Tijoriya” kompaniyasi rahbari Emet Abdulaziz hamda ishbilarmon Ahmad Alxutami bilan uchruv tashkil etildi.

Osama Kokandiy viloyat rahbariga parrandachilik sohasida Farg‘onada loyiha amalga oshirish rejalarini ma’lum qildi. Emat Abdulaziz tekstil sohasida hamkorlik qilish, Farg‘onada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga olib kirishda o‘z takliflarini bildirdi.

Ahmad Alxutami bilan muzokaralarda esa, O‘zbekistonda arab tili kurslarini ochish, turli kasb-hunar markazlarini tashkil etish, 100 ming nafargacha O‘zbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistonida doimiy ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Yanvar oyida O‘zbekiston Qatar bilan ham shunday mehnat shartnomasini imzolagan edi.

Mehnat muhojirlarining o‘z mamlakatlariga yuborayotgan pul o‘tkazmalari O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim qismini tashkil etadi. 2022-yilda bu daromad 16,7 milliard dollarga yetdi, bu yalpi ichki mahsulotning 21 foiziga teng. 2023 yildagi pasayishiga qaramay, transfer hajmi muhimligicha qolmoqda.

Bildirilgan takliflar asosida hamkorlikda ishni yo‘lga qo‘yish hamda ma’lumotlar almashishga kelishildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari departamentining vakolatlari kengaytirildi. Mehnat migratsiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha, Yaponiya kabi qator mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalarida attashelar tayinlanadi.

 

 



Aloqador xabarlar