Qozog‘iston Senati raisi Qosim-Jomart Tokayev qasamyod qildi

Qozog‘iston Senati raisi Qosim-Jomart Tokayev 2020 yilga qadar Qozog’istonning vaqtinchalik prezidenti vazifasini bajaradi.

1167123
Qozog‘iston Senati raisi Qosim-Jomart Tokayev qasamyod qildi

Qozog‘iston Senati raisi Qosim-Jomart Tokayev qasamyod keltirdi va mamlakat prezidenti lavozimiga kirishdi.

Tadbir parlament palatalari qo‘shma majlisida bo‘lib o‘tdi.

“Qozog‘iston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy rioya etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, Qozog‘iston Respublikasi prezidentiga yuklatilgan yuksak vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali ravishda qasamyod qilaman”, - dedi Qosim-Jomart Tokayev.

Shu bilan Tokayev 2020 yilga qadar Qozog’istonning vaqtinchalik prezidenti vazifasini bajaradi.

Nursulton Nazarboyev televideniye orqali xalqqa murojaatida Tokayevga yuksak ishonch bildirishini ta'kidlab o‘tgan edi.

Qosim-Jomart Kemelevich Tokayev 1953 yil 17 may kuni Olma-Ota shahrida tug‘ilgan. U Qozog‘iston davlat arbobi, siyosiy fanlar doktori, sobiq bosh vazir (1999—2002) va Senat raisi (16 oktabr 2013 yildan) lavozimlarida mehnat qilgan.

1975 yilda SSSR tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro aloqalar institutini bitirgan. 1975-1979 yillarda SSSRning Singapurdagi elchixonasi xodimi, 1979 yildan 1985 yilgacha SSSR Tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda ishlagan.

1985-1991 yillarda SSSR tashqi ishlar vazirligi Diplomatik Akademiyasida tahsil olgan. 1992-1994 yillarda Qozog‘iston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari, 1994-1999 yillarda tashqi ishlar vaziri, 1999-1999 yillarda bosh vazir o‘rinbosari, 1999-2002 yillarda bosh vazir, 2002-2007 yillarda tashqi ishlar vaziri, 2007-2011 yillarda Senat raisi, 2011-2013 yillarda BMT bosh kotibining o‘rinbosari va Jyenevadagi vakolatxonasi rahbari, 2013 yildan buyon Senat raisi bo’lib ishlab kelayotgandi.

Qosim-Jomart Kemelevich Tokayev rus, fransuz, ingliz va xitoy tillarini biladi.

Qozoq tilining kiril alifbosidan lotin alifbosiga o’tishini qo’llab-quvvatlagan Tokayev giyohvand moddalar kontrabandasi bilan shug’ullanganlarni umrbod qamoq jazosi yoki o’lim jazosiga mahkum qilish kabi og’ir jazolarga tortilishini taklif qilgandi.

Tokayev bu jinoyatlarni milliy manfaatlarga tahdid soluvchi terrorizmga tenglashtirgan edi.

Shuningdek, Tokayev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga integratsiya tarafdori sifatida bilinadi.

 



Aloqador xabarlar