Turk olamidan xabarlar 49-qism

Sooronbay Jeenbekov rasman Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga kirishdi.

861061
Turk olamidan xabarlar 49-qism

                             

Birinchi xabarimiz Qirg’izistondan olingan.

Sooronbay Jeenbekov rasman Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga kirishdi.

Inauguratsiya marosimi “Ala-Archa” davlat qarorgohidagi “Enasoy” zalida bo‘lib o‘tdi.

Jeenbekov, konstitutsiyaga qo'lini qo'yar ekan, tantanali ravishda "davlat rahbari vakolatlarini adolat bilan ado etishlikka, inson va fuqarolik huquqlarini muhofaza qilishga, konstitutsiyaga qat’iy amal qilishga, xalq birligi, davlat yaxlitligi va xavfsizligini himoya qilishga" qasamyod qildi.

Shundan so'ng, Markaziy Saylov Komissiyasi rahbari Nurjan Shayldabekova unga prezidentlik guvohnomasi, ko'krak nishoni va prezident shtandartini taqdim etdi. 

Aytish joizki, Qirg'iziston prezidenti mamlakat qonunchiligiga ko'ra, 6 yil muddatga umrida bir marta saylanadi. 

Jeenbekov marosimda so’zlagan nutqida xalqqa xizmat qilishga, fuqarolar hayotini yaxshilashga va davlatni mustahkamlashga va’da berdi.

Shuningdek, u korrupsiyaga qarshi shafqatsiz kurash olib borishini va “jamiyatni tozalash uchun sharoitlar” yaratishini aytdi.

Qirg’iz xalqiga va uni qo’llab quvvatlagan tarafdorlariga minnatdorlik bildirgan Jeenbekov tashqi siyosatda davlat manfaatlarini himoya qilishini ta’kidlar ekan, “Rossiya Federatsiyasi bilan strategik sherikligimizni rivojlantiramiz. O’rta Osiyodagi qo’shni davlatlar bilan tarixiy rishtalarimiz asosida munosabatlarimizni rivojlantiramiz. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan yaqindan hamkorlikni davom ettiramiz. Asosan, Turkiya va AQSh bilan munosabatlarimizni yanada mustahkamlaymiz”,-dedi.

6 yillik vazifasi mobaynida xalqning farovonligi va davlat taraqqiyoti yo’lida xizmat qilishini aytgan Jeenbekov: “Alloh mustaqil Qirg’izistonni o’z panohida asrasin!” deya nutqini yakunladi.

Inauguratsiya marosimidan so‘ng yangi prezident Jeenbekov va sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyev parlamentga yo‘l oldi.

U yerda faxriy qorovul rotasi saf tortdi, Qirg‘iziston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Qirg‘izistonning yangi prezidentiga bosh qo‘mondon sifatida raport berdi.

So‘ngra, ikki siyosatchi prezident ish kabinetiga yo’l oldi va u yerda Atamboyev rasmiy ravishda ishlarni Jeenbekovga topshirdi.

 

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvini Navro‘z bayrami kunlari o‘tkazishni taklif etdi. 

Ostonada bo‘lib o‘tgan “Qozog‘istonning modernizatsiya modeli yangi global reallikda” nomli xalqaro parlament anjumanida mamlakat tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov Qozog‘iston qo‘shni davlatlar bilan Markaziy Osiyo yetakchilari norasmiy maslahalashuvlari haqidagi tashabbusni amalga oshirish ustida ishlashini bildirdi. 

U Qozog‘iston O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini, xususan, Ostona shahrida bo’lib o’tadigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari maslahatlashuvining birinchi sammitini kelgusi yil Navro‘z bayrami arafasida qabul qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

“Yangilanish fasli bo‘lgan Navro‘z bayrami Markaziy Osiyo yetakchilarining uzoq yillar mobaynidagi ilk uchrashuvini o‘tkazish uchun ramziy fon bo‘lib xizmat qilgan bo‘lardi”,-dedi Qayrat Abdraxmanov. 

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish tashabbusini ilgari surgandi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.

 

Navbatdagi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

 2018 yili Turkmanistonda "Xalqaro Ipak yo’li Rallysi" o’tkaziladi.

Ushbu xalqaro nufuzli musobaqa Turkmanistonni dunyoga tanitishga katta hissa qo’shishi kutilmoqda.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov poytaxt Ashxaboddagi avtomobil sportlari markazida tayyorgarlik ishlarini ko’zdan kechirdi.

Gurbanguli Berdimuhammedov tekshiruvlar doirasida Turkmanistonda 2018 yilni “Buyuk ipak yo’lining qalbi - Turkmaniston” deb nomlanishiga e’tibor qaratdi.

Sportga bo’lgan ishtiyoqi bilan tanilgan Gurbanguli Berdimuhammedov 2018 yilda “Xalqaro ipak yo’li rallisi”ni o’tkazish to’g’risida buyruq bergandi.

Ralli musobaqalari mamlakat sharqidagi Amudaryo sohilidan boshlanib, Kaspiy dengizigacha davom etadi.



Aloqador xabarlar