Yevroosiyo kun tartibi - 65

Dasturimizning bugungi sonida Turkiy davlatlar kun tartibidagi muhim voqealar haqida so‘z qilamiz.

2068131
Yevroosiyo kun tartibi - 65

2023 - yilning 14 - noyabri kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston-Turkiya II ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi. Forumda Oʻzbekiston Fan, taʼlim va innovatsiyalar vaziri Odil Abdurahmonov va Turkiya Oliy taʼlim kengashi raisi professor doktor Erol Oʻzvar va ikki davlat nomidan yuzga yaqin rektor va prorektorlar ishtirok etdilar.

Qozog‘iston 2023 - yilning 14 - noyabrida aholisi sonining 20 million nafarga yetganini ma’lum qildi. Qozog‘istonda 19 millioninchi chaqaloq bundan ikki yil avval dunyoga kelgandi.

2023 - yilning 16 – 17 noyabri kunlari Bishkek shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasining 56 - sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, O‘zbekiston va Tojikiston parlamentlari raislari bilan deputatlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida Qirg‘iziston Jogorku keneshi tashkil etilishining 85 - yilligi va Chingiz Aytmatov tavalludining 95 - yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar o‘tkazildi. Chingiz Aytmatov tavalludining 95 - yilligiga bag‘ishlangan tadbirda Turkiyadan katta delegatsiya ishtirok etdi.

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 2023 - yilning 17 - noyabri kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi. Prezident Japarov Yaponiyada imperator Naruxito, Yaponiya Bosh vaziri Fumiyo Kisida va parlament raisi Fukusiro Nukago bilan uchrashdi. Prezident Japarov Yaponiyaning ayrim muassasa va tashkilotlari rahbarlari va ishbilarmonlari bilan ham uchrashdi.

2023 - yilning 17 - noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari elchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Rossiya + Markaziy Osiyo munosabatlari muhokama qilindi.

O‘tgan hafta Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkil topishining 40 -  yilligini nishonladi. Turk askarlarining Ozarbayjondagi xizmat muddati bir yilga uzaytirildi. Turkiya va Ozarbayjon madaniyat vazirlari 2023 - yilning 13 - noyabri kuni madaniy hamkorlik shartnomasini imzoladilar.

2023 - yilning 13 - noyabri kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi rahbari Pia Kaumani qabul qildi. Ushbu qabul chog‘ida, Janubiy Kavkazdagi hozirgi vaziyat va Ozarbayjon - Armaniston munosabatlari qo‘lga olindi.

2023 - yilning 14 - noyabri kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovni qabul qildi. Suhbat chog‘ida Ozarbayjon - O‘zbekiston munosabatlari, transport, savdo va sanoat sohalaridagi masalalar muhokama qilindi

2023 - yilning 15 - noyabri kuni Boku shahrida II Turk dunyosi meteorologiya forumi boʻlib oʻtdi. Forumda Turkiy Davlatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlarning tegishli vazirlari ishtirok etdi. Xuddi shu kuni Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, nomi tilga olingan forum munosabati bilan Bokuga tashrif uyushtirgan Turkiya Respublikasi Atrof - muhit, urbanizatsiya va iqlim oʻzgarishi vaziri Mehmet Oʻzhasekini qabul qildi.

2023 - yilning 15 - noyabrida Vengriya bilan Rossiyaning atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishib olgani ma’lum bo‘ldi. Rosatom tomonidan Vengriyada quradigan Paks-2 atom elektr stansiyasi 2030 - yili ishga tushadi. Loyihaning qiymati 12,5 milliard yevroni tashkil etadi.

Voqealardan ko‘rinib turganidek, o‘tgan hafta Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlovchi muhim voqea va tashriflar amalga oshdi.

 



Aloqador xabarlar